Salomatlik va shifobaxsh tabiat in’omi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida faoliyat olib borayotgan “Mehrigiyo” kichik korxonasini bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ko‘pchilik biladi. Turli xil sitrus mevalar, rezavor o‘simliklar, dorivor giyohlar yetishtirilayotgan mazkur maskanda 2021 yil ilk bor lavanda festivali o‘tkazilib, unda mamlakatimizning turli hududlari, uzoq-yaqin davlatlardan minglab sayyohlar ishtirok etgan edi.
O‘zbekistondagi turistik ob’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan “Mehrigiyo” da ekologik toza dori-darmonlar turi ko‘paytirilmoqda. Korxona qoshida “Doktor Ali” salomatlik markazi, fitobar, dorivor mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Bu yerdagi lavanda, rozmarin, kivi, papayya, zaytun ekin maydonlari, turfa xil gullar, shifobaxsh va vitaminlarga boy o‘simliklar tashrif buyuruvchilarni o‘ziga rom etadi.

– Farg‘onadagi sihatgohlar, dam olish zonalariga har yili bir kelib ketaman. Endi bu ro‘yxatga “Mehrigiyo” ham qo‘shildi, – deydi xorazmlik mehmon Xo‘jamurod Sobirov. – Oila a’zolarimiz bilan lavanda festivaliga keldik. Ona tabiatimizning noyob in’omlaridan bahramand bo‘lyapmiz. Bu yerdagi ajib ifor kishi bahri dilini ochadi.

Festivalga kelganlarga dorivor giyohlardan tayyorlangan choy, sirop va asal, o‘ziga xos ta’mli muzqaymoq taklif etilmoqda. Ajabtovur tabiat fonida suratga tushish imkoniyati yaratilmoqda. Shifobaxsh damlamalarning qator kasalliklarga davo bo‘layotgani esa diqqatga sazovor.

– Lavandazordan taralayotgan xushbo‘y hidning o‘zi shifobaxsh. Mutaxassislar bilan suhbatlashib, infeksiyalarga qarshi, yara va kuyishga malham bo‘luvchi, infarkt va insultning oldini oluvchi damlamalar, ichimliklardan tatib ko‘ryapmiz, dorivor moylardan xarid qildik, – deydi Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi Kamola Yuldasheva. – Bilishimcha, bunday maskan Markaziy Osiyoda yagona. Xorijliklarning ham tashrif buyurayotgani faxr bag‘ishlaydi. Korxonaning texnik-texnologi Boris Bordinning aytishicha, vodiydagi iqlimi mos tushuvchi hududda yana 200 gektar lavandazor barpo qilish ishlari boshlab yuborilgan. “Mehrigiyo” mahsulotlarining Yevropa davlatlarida, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda ham o‘z xaridorlari bor.


10 iyundan boshlangan lavanda festivalida salomatlik bog‘i bo‘ylab ekosayohat, tibbiyot turizmi va mutaxassislar ko‘rigi, konsert va shou dasturlar o‘tkazilmoqda. Tadbir yurtdoshlarimiz uchun salomatlikni tiklash garovi sifatida qadrli bo‘lib qoladi, unutilmas xotiralarni taqdim etadi.
M.Sulaymonov,
O‘zA