“Salomatlik marafoni” ommaviy-sport tadbiri bo‘lib o‘tdi
Sog‘lom turmush tarzi – barcha uchun muhim. Yakkasaroyda o‘tgan "Salomatlik marafoni" minglab insonlarni jismoniy faollik va salomatlik g‘oyasi atrofida birlashtirdi. Ushbu tadbirning ahamiyati nimada?
Inson jismonan tetik bo‘lsa, uning har qanday faoliyati samarali bo‘ladi. Zero, tib ilmining sultoni, buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino ham bejizga tarbiyaning bir qancha ko‘rinishi bo‘lib, bunda jismoniy tarbiya ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamagan.
Shu maqsadda, Yakkasaroy tumanida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga qaratilgan “Salomatlik marafoni” ommaviy-sport tadbiri o‘tkazildi.

Marafon O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hududidan boshlanib, “Do‘stlik” bog‘ida davom etdi.
Yakkasaroy tumani hokimligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi hamda tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda tibbiyot xodimlari, mahalla faollari, sport trenerlari, taniqli san’atkorlar va tuman aholisi faol ishtirok etdi.
“Salomatlik marafoni” ishtirokchilarni bir maqsad – sog‘lom hayot tarzi, jismoniy faollik va salomatlikni asrash g‘oyasi atrofida birlashtirdi.
Shuni aytish kerakki, bunday tadbirlar aholi, ayniqsa yoshlar orasida sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lish madaniyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA