Salomatlik marafoni: navbatdagi manzil – Samarqand
So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini barcha bosqichlarda takomillashtirish, profilaktik tibbiyotni kuchaytirish va aholining tibbiy madaniyatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish, yurtdoshlarimizni xususiy va davlat tibbiy muassasalari orqali o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tkazish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar izchil davom etmoqda. Mana shunday keng qamrovli va uzluksiz sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida yurtimiz bo‘ylab yana bir keng ko‘lamli loyiha – milliy Salomatlik marafoni o‘tkazilayotir.
Nukusda boshlangan ushbu marafonning navbatdagi manzili – qadimiy va navqiron Samarqand shahri. Loyihaning asosiy maqsadi aholini kasalliklar profilaktikasiga, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishga undash, shu orqali sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy harakatni yanada kuchaytirishdir.
17-noyabrdan 17-dekabrgacha davom etadigan mazkur jarayonda Samarqand shahri aholisining 150 ming nafari qamrab olinishi rejalashtirilgan. Shu muddat ichida shahardagi 20 ta oilaviy poliklinikada keng koʻlamli skrininglar va profilaktik tekshiruvlar oʻtkaziladi. Bu jarayonda mahalliy shifokor va hamshiralar bilan bir qatorda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan jalb qilingan 1200 nafar yetakchi mutaxassis, shuningdek, bir guruh xorijlik ekspertlar ham ishtirok etadi.
Tibbiy ko‘riklar zamonaviy axborot texnologiyalari bilan uyg‘un holda tashkil qilinadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, har bir natija DMED yagona elektron axborot tizimiga kiritilib, kelgusida fuqarolar salomatligining doimiy monitoringi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa profilaktik tibbiyotning sifatini oshirish, xavf omillarini erta aniqlash va uzoq muddatli sog‘lom hayot uchun asos yaratadi.
Shu bilan birga, Samarqanddagi ikkita jamoat joyida maxsus “Salomatlik maydonchalari” tashkil etildi. Bu yerda aholiga sog‘lom turmush tarziga oid amaliy tavsiyalar beriladi, antropometriya, qon bosimi, puls hamda boshqa bir qator ko‘rsatkichlar o‘lchab, tezkor maslahatlar taqdim etiladi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida tashkil qilingan Salomatlik marafonining rasmiy ochilish marosimida jamoatchilik va soha mutasaddi vakillari amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli tadbirlar yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va har bir fuqaroda sog‘lom turmush madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Darhaqiqat, aholi sog‘lig‘i – davlatning eng katta boyligi, yurt taraqqiyotining garovidir. Shu nuqtai nazardan kasalliklarni erta aniqlash esa birlamchi belgilardayoq davo choralarini ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, erta tashxis inson hayotini asrab qolishda eng samarali vosita bo‘lib, sog‘lom kelajakni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA