“Salomatlik” gazetasi – 25 yoshda
Matbuot hamisha o‘quvchining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga ma’naviy dunyoqarashi kengayishiga ham xizmat qiladi.
Navoiy viloyatida chop etib kelinayotgan “Salomatlik” gazetasi ham bu vazifani bajarib, allaqachon gazetxonlarning ham maslakdoshi ham sirdoshiga aylanib ulgurgan. Bugun mazkur gazetaning o‘z faoliyatini boshlaganiga 25 yil to‘ldi.
Yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuq va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni baralla aytgan gazetaning chorak asr to‘yi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, faxriy jurnalistlar, shifokorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosarlari Sa’dulla Mirzayev, Yashin Dushanov so‘zga chiqib, viloyat hokimining tahririyat jamoasiga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va kompyuter jamlanmasini topshirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Zafar Rasulov va boshqalar mamlakatimizda matbuot va OAV sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, “Salomatlik” gazetasi moddiy va ma’naviy qiyinchiliklarga qaramasdan hamon o‘z o‘quvchilariga ega ekanligini alohida ta’kidladi.
– “Salomatlik” gazetasida nafaqat tibbiyot olami yangiliklari, balki ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ma’rifiy hayot ham keng yoritilib borilayotganligi uning auditoriyasi toboro kengayib borishiga mustahkam zamin yaratdi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. – Tahririyat jamoasi bosh muharrir Ibrohim Jumayev boshchiligida o‘tgan 25 yil mobaynida gazetaning shakli va mazmunini yanada boyitish ustida tinimsiz izlanib, bugun uning media makondagi nufuzini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ta’kidlanganidek, bosib o‘tilgan 25 yil gazeta tahririyati uchun yengil kechmadi. Ijodiy jamoani shakllantirish, matbaa masalalari, obunani tashkil etish, xodimlarni maosh bilan ta’minlash kabi ishlarning barchasi doimo tashabbuskorlik va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, nashr bugun ham o‘z muxlislarining ko‘nglini quvontirib, har hafta xonadonlariga kirib bormoqda, tibbiy, ijtimoiy-siyosiy, badiiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi xabar va maqolalar, ocherklar bilan xursand qilmoqda.
Tadbirda tahririyatning barcha xodimlari, jumladan, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga gazeta rahbariyatining estalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-4507]
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA