Saida Mirziyoyeva Turkiya ta’lim maskanlari tajribasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Istanbulga tashrifi doirasida Najmiddin Bilol Erdog‘an hamrohligida Ibn Xaldun universiteti va "Yenidogu" maktabida bo‘ldi.

Tashrif doirasida tomonlar bilim sifati, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mustaqil fikrlashini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadigan o‘quv muassasalarining ta’lim yondashuvlari bilan tanishdi.
Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tajribasi ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda yangi istiqbollarni ochishga yordam beradi. Tomonlar tajriba almashish va o‘quvchi, talaba, o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
— Ta’lim sohasi davlatlarimiz o‘zaro hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan. Bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yoshlarga ta’lim olish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish va tengdoshlari bilan bilim-tajriba almashishga yordam beradi, - deydi Saida Mirziyoyeva.
Aziza Alimova, O‘zA