Sahnada yaratilgan tarix: raqs san’ati malikasi Bernora Qoriyeva 90 yoshda
Buyuk qalb egalarining hayot yo‘llari, ular yaratgan san’at asarlaridan bahramand bo‘lish, insoniylik fazilatlaridan ibrat olish ko‘ngilga bir olam zavq, ruhga quvvat baxsh etadi. Qayd etish kerakki, O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalq artisti Bernora Qoriyevaning ishonch va sadoqatga to‘la 90 yillik hayot yo‘li o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun ibrat maktabidir.
Madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mashhur balerina, professor, raqs san’ati malikasi – Bernora Qoriyeva 1936 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Rahim Qoriyev oilasida poytaxtimizda tavallud topdi. Oiladagi ijodiy muhit tufayli bolaligidan san’atga, ilmga mehrli bo‘lib o‘sdi. Dastlab, Moskva katta opera va balet teatri qoshidagi akademik xoreografiya bilim yurtida, keyinchalik, hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil oldi.
U 1955 yildan Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida balerina sifatida ish boshlagan. B.Qoriyevaning repertuari asosini jahon va zamonaviy baletlari tashkil qiladi. To‘g‘ri, baletning nisbatan yangi san’at sifatida milliy madaniyatga singib ketishi oson kechmadi. XX asrning o‘rtalariga kelib, balet san’ati eng inja tug‘yonlarni ifoda etuvchi va hayotbaxsh fazilatlarni targ‘ib qiluvchi yetakchi janrga aylandi. Qayd etish joiz, o‘lkamizda zamonaviy balet san’atining yuksalishida, uning ko‘p jihatdan shaklan va mazmunan boyishida Bernora opaning hissasi beqiyos. U yaratgan obrazlarda insoniyatning boqiy orzulari, muhabbat, yaxshilik, ishonch, mehr – oqibat mavzulari chuqur falsafiy mazmun kasb etadi. Go‘zallik va nafosat haqidagi umumbashariy tamoyillar raqsiy shakllarda namoyon bo‘ladi.
Aslida, madaniyatimizning qadimiy va jonli tarixi noyob hamda tuganmas bir doston kabi bo‘lsa, raqs san’ati esa uning shohbaytlaridir. Bernora Qoriyevaning sahnadagi qahramonlari o‘ta yorqin, ko‘zni qamashtiradigan darajada nazokatli, pinhona nigohlaridan malohat ufurib turadigan, favqulodda go‘zal va betakror edi. Shuning uchun ham uning raqslari mo‘’jizaviy kuchga ega bo‘lar, hammani o‘ziga rom etardi. Ayniqsa, uning “Bog‘chasaroy favvorasi”dagi Mariya, “Jizel”dagi Jizel, “Oqqush ko‘li”dagi Odetta - Odilliya, “Anna Karenina”da Anna Karenina, “Suxayl va Mehr”dagi Mehr, “Tanovor”dagi Nurxon, “Afsonalar vodiysida”gi Nargis rollari san’at olamida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.

Ma’lumki, balet – sintetik janr. Unda ssenariy, musiqa, xoreografiya va ifoda vositalari uyg‘unlashadi. Uzviylik saqlangan holda raqslar, musiqa, dramaturgiya ruhiy holatga mos kelishi kerak. Qolaversa, har qanday balet obrazlilikni va milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolishi shart.
– Bernora Qoriyevaning repertuarida “Segoh” konsert nomeri bor. Nihoyatda jozibador, betakror. Shu raqsning kashfiyotchisi baletmeyster Mukarrama xonim klassik raqsning aniq shtrixlarini mohirona topa bilgan, har bir harakat bu kichik xoreografik mo‘’jizada musiqa ohangi bilan, o‘zbek klassik raqsi elementlari esa Yevropa klassik raqsi harakatlari bilan uyg‘unlashib ketgan, biri ikkinchisini to‘ldirgan va boyitgan, -degan edi O‘zbekiston xalq artisti Tamaraxonim suhbatlardan birida.
Buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan haqli ravishda faxrlanamiz. B.Qoriyevaning nihoyatda mohir pedagogligi, benazir ustozligi shogirdlari bilan muloqotlarda yanada yorqinroq ayon bo‘ladi. U o‘zining bilimi va boy tajribasini bag‘rikenglik bilan yoshlarga ulashadi: talabalar uning “Mahorat darslari”ni intiqlik bilan kutishadi. Qahramonimiz o‘zbek balet san’atini murakkab va jozibador kombinatsiyalar bilan boyitgan. Ayniqsa, opa yaratgan obrazlar o‘zbekona nafisligi, jo‘shqin ifoda texnikasining mukammalligi bilan ajralib turadi. U balet ijrochilik amaliyotini takomillashtirdi, yosh balerinalar mahoratini oshirish metodikasini yaratdi. Bugun shu metodikadan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalariga saboq bermoqda.
Bernora Qoriyeva ijodiy faoliyati davomida O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi raisi, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri direktori va badiiy rahbari lavozimlarida ishlagan. E’tiborlisi, u balet san’atida an’anaviy va zamonaviy usullarni uyg‘unlashtirdi, ko‘plab uslublarni yangiladi, klassik va milliy usullarni bir – biriga yaqinlashtirib, ularning texnikasi va mahorat darajasini tinimsiz oshirdi. Jahonning eng nufuzli sahnalarida ham uning nafis, o‘tli, jo‘shqin raqslarini katta ishtiyoq va zavq bilan tomosha qilishdi.
Raqs san’ati malikasi Bernora opaning rollarida klassik raqs to‘qimasiga singib ketgan xalq raqsi harakatlari mujassamlashadi: o‘ziga xos zamonaviy va milliy koloritni vujudga keltiradi. Bastakor A.Kozlovskiyning “Tanovor” baletida Bernora Qoriyeva tarixiy shaxs - Nurxon obrazini yaratadi. Uning raqsiy parvozlarida Farg‘ona raqs maktabiga oid nafislik, mayinlik, teran mazmundorlikni ilg‘ash mumkin. Ayniqsa, bosh, qomat, qo‘l barmoqlarining egilishi bilan bog‘liq jozibador harakatlarda xalq raqslarining ruhi alohida ahamiyat kasb etadi.

– San’at soxtalikni ko‘tarmaydi, uning ravnaqi uchun fidoyilik kerak, -deydi qahramonimiz B.Qoriyeva. – Hamisha izlanishda bo‘lganmiz, yangi ifoda vositalarini Farg‘ona xalq raqslari boy dunyosidan, Yevropa klassik raqsi hazinasidan izladik. “Dilxiroj”, “Ufori saxta”, “Sadr” va “Tanovor” kabi mashhur xalq raqslari usullarini asos qilib olgan holda ular ruhiga uyg‘un bo‘lgan yangi elementlarni singdirdik. Men hamon Ulug‘bek Musayevning “To‘maris”, “Afsonalar vodiysida” baletlaridagi qahramonlarimni sog‘inaman. Ularda o‘tmish bilan bugungi kun birlashadi. Ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan o‘zbek milliy san’ati madaniy diplomatiyaning muhim vositasiga aylanayotganligi biz katta avlod vakillarini ham nihoyatda xursand qilmoqda.
Balet san’atida libretto, musiqa, raqs va tasviriy vositalarning bir butunligiga erishish katta mahorat talab qiladi. Mazkur komponentlarning birlashuvi uning ta’sir kuchini boyitadi va eng yuqori cho‘qqilarga olib chiqadi.
O‘zbekiston xalq artisti Mukarrama Turg‘unboyevaning “Moviy maqom” deb nom olgan raqs asari Bernora Qoriyeva uchun yaratilgan edi. Bu osuda va maftunkor asarni hozir ham ko‘pchilik sog‘inch bilan eslaydi. Qo‘llarning nafis talpinishi, barmoqlarning nazokat ila charx urishi, oyoq uchiga ko‘tarilib, ohista aylanishlar tomoshabinni o‘ziga rom etish barobarida, milliy maqom san’atining naqadar betakror ekanligini yanada yorqin aks ettiradi. Maqom san’atining balet raqsida shu ko‘rinishda tabiiy va jozibador namoyon bo‘lishi san’at olamida alohida hodisa hisoblanadi.
Mubolag‘asiz aytganda, Bernora opa balet san’atida butunlay yangi yo‘nalish – Sharq ayolining betakror va latif qiyofasini yaratdi. U jamiyatdagi barcha quvonchli voqealarni, tarixiy hodisalarni raqs asarlari bilan tarixga muhrlashga harakat qildi. Uning ijodiga bag‘ishlangan “Bernora Qoriyeva raqsga tushadi”, “Men balerinaman” filmlari suratga olingan.
Bugun o‘zining qutlug‘ 90 yoshini qarshilayotgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori, yoshlarimizning suyukli ustozi Bernora Qoriyevaning betakror raqslari o‘zbek milliy san’atining umumbashariy madaniyat xazinasiga qo‘shilgan noyob durdonalari hisoblanadi. Ular etnografik – estetik, lirik-dramatik xarakterga, mukammal syujet va kompozitsiyaga ega yaxlit asar sifatida alohida tadqiqot manbai bo‘lishga munosibdir.
Shuhrat To‘xtasimov,
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor,
Hulkar Hamroyeva,
O‘zDXA “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori