Sabzi narxining qimmatlashuvi sabablari o‘rganildi
Shu kunlarda yurtimiz bozorlaridagi sabzavotlar ichida sabzi narxining yuqoriligi hammaning e’tiborida turibdi.
O‘zbekning paloviga ham mazali ta’m, ham chiroyli ko‘rinish beradigan sabzining narxi oshishiga nima sabab bo‘lmoqda?
Muxbirimiz Yunusobod dehqon bozorida bo‘lib, tadbirkor hamda dehqonlar bilan suhbatlashib, ushbu masalani o‘rgandi.
Bozor savdo rastalarini aylanib, qizil hamda sariq sabzining narxi bilan qiziqdik.
– Qizil sabzini 9 ming so‘mdan olib 10 ming so‘mdan, sariq sabziniyam xuddi shu narxda sotyapmiz, –deydi sotuvchi Nargiza Ikromova. –Hozir ayni to‘ylar mavsumi bo‘lgani uchun kartoshka bilan piyozga qaraganda sabzining bozori chaqqon. O‘zim ham tomorqamga fevral oyi boshlarida sabzi ekkandim. Afsus, sovuq urib ketib, hosil bermadi. Hozirgi sabzilar asosan issiqxonalarda yetishtirilgan.
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani, Yangiyer mahallasidan kelib, savdo-sotiq qilayotgan Hurmatoy Astanova mayda sabzilarni 5 ming so‘mdan sotyapdi.
–Ko‘rib turganingizdek, bu yil sabzining hosili juda mayda, –deydi tadbirkor. –Bizda asosan suv tanqisligi muammo bo‘lib turibdi. Bir gektar yerim bor. Suv tanqisligi sababli ikkinchi ekinni ekishga o‘ylanib turibman.
Sabzining narxi balandligi sotuvchilar hamda bozor ma’muriyatiga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.Chunki xaridorlarga narx-navoning nima sababdan o‘sganini tushuntirib berishga to‘g‘ri kelyapdi.
–Bu yil sabzi narxining keskin ko‘tarilishi birinchi navbatda ob-havoning noqulay kelganiga bog‘liq, –deydi Yunusobod dehqon bozori rahbari Otabek Jumayev. –Ikkinchi sababi, hozir sabzining uzilish davri. Uchinchisi, yerimizning hosildorligi, sabzilarimizning sersuvligi, mazasi yaxshiligi hisobga olinib, eksportga talab kuchaymoqda. Shularning hisobiga narx ko‘tarilmoqda.
Aholining talabidan kelib chiqib, tadbirkorlarga ta’sir ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahar hokimligi yordami bilan bir kilogramm sabzini 3800 so‘mdan olib, xuddi shu narxda sotish yo‘lga qo‘yilgan. Bozor hududining ikki joyida kuniga 500 kilogrammdan arzon sabzi sottiryapmiz.
Qishloq xo‘jalik vazirligi axborot xizmati tomonidan berilgan ma’lumotlarda joriy yil fevral va aprel oylarida havoning keskin sovib ketishi natijasida ertaki muddatda ekilgan sabzining pishishi 20-25 kunga uzayishi, shu bois sabzining mavsumiy to‘liq yetilish va yig‘ishtirib olish muddati iyun oyining oxiriga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi.
Ayni paytda vazirlik tegishli mutasaddilar bilan birgalikda mahsulotni qisqa muddatda daladan yig‘ishtirib olish hamda Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy dehqon bozorlariga o‘z vaqtida yetkazib berish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha erta bahor oylarida, ya’ni fevral-mart oylarida ekilgan sabzi joriy yilning 28-30 iyunidan boshlab yoppasiga daladan yig‘ishtirib olinishi boshlanadi.
Bu esa bozorlarimizda sabzi narxining pasayishi olib keladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA