Sabzavot – yuqori daromad manbai
Tolibjon Hakimjonov 5 gektar yerga sabzi ekib, gektaridan 300 sentnerga yetkazib hosil oldi
Tolibjon Hakimjonov 5 gektar yerga sabzi ekib, gektaridan 300 sentnerga yetkazib hosil oldi.
Mahsulotning bir qismi ichki bozorlarga sotildi. Saralab olingan yuz tonna mahsulot saqlash uchun olib qoʻyildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, dehqonchilikdan olingan sof foyda 100 million soʻmdan oshdi. Halol mehnat ortidan topilgan daromad oila farovonligini taʼminladi. Zamonaviy uy-joy, yangi avtomashina ana shu mehnat, izlanishlar mahsuli.
Oltiariq tumanidagi Azimobod qishlogʻi aholisi sabzi yetishtirish, saqlash va sotishda oʻziga xos tajriba toʻplagan. Sabzavotchilar taʼbiriga koʻra, mahsulot hajmini oshirish, sifatini yaxshilashda urugʻchilik katta oʻrin tutadi. Mahalladagi 900 dan ortiq oila oʻz tomorqasida sara urugʻlar yetishtirishga eʼtibor qaratgan. Qolaversa, u moʻmay daromad manbai. Bir kilogramm sara urugʻning narxi 100 ming soʻm. Bu yerda tayyorlangan urugʻlar unuvchanligi, hosildorligi, mahalliy iqlim sharoitga mosligi bilan ajralib turadi. Mahalliy sharoitda yetishtirilgan “Zarcha”, “Shatun”, ”Silindir”, “Stakanchik” singari sara urugʻlarga boʻlgan talab yuqori.
Sabzi qoʻl mehnati kam talab qiladigan sabzavot ekini hisoblanadi. Mahsulot sifatini yaxshilash, hosildorligini oshirishda koʻchatlarning xonadorligi muhim. Yaxshi parvarishlangan sabzi gektaridan 400 sentner hosil beradi. Qishloqda bugʻdoydan boʻshagan ekin maydonlarida sabzi yetishtirish tajribasi tobora ommalashib bormoqda.
– Mavsumda 100 gektardan ortiq ekin maydoniga sabzi ekiladi, –deydi “Azimobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Baxtiyorjon Elchiyev. – Bu bir mavsumning oʻzida 350-400 tonnaga yaqin mahsulot degani. Shu kunlarda mahalliy tadbirkorlar tomonidan hajmi 700 tonna boʻlgan muzlatgichlarni ishga tushirish borasida ish olib borilmoqda. Eng muhimi, sabzi ekib, boy boʻlayotgan oilalar safi kundan-kunga koʻpaymoqda. 2019-yilning oʻzida mahallamizdagi 51 ta oila yangi avtomashina sotib oldi, oʻn besh nafar fuqaro umra ziyoratiga bordi.
Mutaxassislar fikricha, sabzi nafaqat daromad, balki inson salomatligi uchun muhim boʻlgan foydali vitaminlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Xususan, jigar, qiziloʻngach va boshqa ichki kasalliklarni davolashda yaxshi samara beradi. Undan tayyorlangan sharbatlar immunitetni oshirish xususiyatiga ega.
Bu yerda “Bibiomina” fermer xoʻjaligi rahbari Akmaljon Salimov tashabbusi bilan umumiy sigʻimi 150 tonna boʻlgan zamonaviy muzlatgich ishga tushirildi. Bu mahsulotlarni hosildan-hosilgacha boʻlgan davrlarda saqlash hamda talab va takliflar asosida ichki va tashqi bozorlarga eksport qilish imkoniyatini bermoqda.
Fargʻona viloyatida oʻtgan yilda 1 million 340 ming tonnadan ziyod sabzavot yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda uning salmogʻi yana-da ortadi. Chunki tomorqadan samarali foydalanib, sabzavot ekishning hadisini olgan minglab oilalar bu borada katta tajribaga ega.