Ryutte: Yevropa armiyasi — xom xayol
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ayrim yevropalik siyosatchilar ilgari surayotgan alohida “Yevropa armiyasi” g‘oyasini keskin tanqid qildi. U "AQSH Prezidentining Yevropa xavfsizligiga sodiqligi shubha ostida qolayotgan bir payt paydo bo‘lgan bu tashabbus amaliy emas va aksincha, Yevropani zaiflashtiradi", dedi.
Mulozim Yevropa davlatlari mudofaa mas’uliyatini ko‘proq zimmasiga olishi kerakligini tan olsa-da, bu faqat Alyans doirasida bo‘lishi shartligini uqtirdi. Ryuttening fikricha, AQSH boshchiligidagi Transatlantik uyushmadan tashqarida alohida armiya tuzilsa, kuchlar bo‘linadi, resurs ajratilishi cho‘ziladi va natijada harbiy salohiyat parchalanadi.
Xullas, Ryutte Ispaniya tashqi ishlar vaziri va Yevropa mudofaa komissari ko‘targan masala, yangi armiya tuzish rejasi real hayotda juda qimmatga tushishini eslatibdi: – Agar Yevropa o‘zi harakat qilmoqchi bo‘lsa, nafaqat 5 foizlik mudofaa xarajati yetmay qoladi, balki ko‘hna qit’a o‘z yadroviy salohiyatini ham yaratishga majbur bo‘ladi. Bu esa qo‘shimcha milliardlab yevroga tushadi. Asosiysi, Yevropa AQSHning yadroviy “himoya soyaboni”dan ayriladi. Oqibatda qit’a xavfsizligi kafolati tubdan zaiflashadi. Yevropa xavfsizligi uchun eng to‘g‘ri yo‘l — AQSH bilan ittifoqni chetlab o‘tish emas, balki mustahkamlash.
Musulmon Ziyo, O‘zA