Ruxsatnomasiz neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullangan 4 ta MCHJga chora ko‘rildi
Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, mazkur tashkilot tomonidan Jizzax viloyatida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar jarayonida “R. D.”, “B. 5.”, “P. SH. B.” hamda “Z. B.” MCHJlar neft mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan ruxsatnomani olmasdan turib, iste’molchilarga mahsulot sotib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, mazkur korxonalar O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyuldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya qilmagan.
Mazkur qonun asosida ushbu MCHJlarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida iqtisodiy jarima qo‘llanildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA