Rostov delegatsiyasi Jizzaxda
Viloyat hokimligi anjumanlar saroyida Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyati gubernatori Vasiliy Golubev boshchiligidagi delegatsiya vakillarini Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev qabul qildi.
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev O‘zbekiston va Rossiya davlatlari Prezidentlari tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar, viloyatning asosiy drayverlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda viloyatga qaysi yo‘nalishlarda investitsiyalar jalb qilish mumkinligi to‘g‘risida atroflicha gapirib berdi.
Tadbir ishtirokchilariga Jizzax viloyatining sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi salohiyati aks etgan videorolik namoyish etildi.
Delegatsiya rahbari Vasiliy Golubev qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Jizzax viloyati haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lganligi va Rostov viloyati delegatsiyasining Jizzax viloyatiga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad – ikki viloyat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro iqtisodiy hamkorlikdagi ishlarni rivojlantirish ekanligini ta’kidladi.
[gallery-19446]
Jizzax erkin iqtisodiy zonasida Jizzax va Rostov viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir biznes forum va B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Forum yakunida ikki hudud o‘rtasida hamkorlik me’morandumi imzolandi.
Biznes forumdan so‘ng Rostov viloyati gubernatori Vasiliy Golubev hamda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.
Rossiyalik nufuzli mehmonlar “Jizzax erkin iqtisodiy zonasi” hududidagi korxonalarda bo‘lib, ushbu kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Rostov viloyati delegatsiyasi a’zolari iqtisodiy zonadagi “ADM Jizzax” hamda “BYD Uzbyekistan Factory” avtomobillar ishlab chiqarish korxonalari, “BMB-NRC AGROLOGISTICS” kompaniyasi, “Dyeya” qandolatchilik fabrikasi ularda chuqur taassurot qoldirganini alohida ta’kidladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari