Rossiyalik sumo ustalari O‘zbekistonda mashg‘ulot o‘tkazadi
Sumo sport turi bo‘yicha Rossiya terma jamoasi a’zolari oktabr oyida Ozarbayjonda o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini O‘zbekistonda o‘tkazadi.
O‘zbekiston sumo federatsiyasi xabariga ko‘ra, joriy yilning 1–7-oktabr kunlari Angren shahri, “Yangiobod” o‘quv bazasida O‘zbekiston va Rossiya sumo federatsiyalari hamkorligida xalqaro qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etiladi.
Yig‘inda ikki davlatning kuchli sumochilari ishtirok etib, qo‘shma mashg‘ulotlar, nazorat janglari va tajriba almashinuvlari ko‘zda tutilgan.

“Ushbu yig‘in eng avvalo joriy yilning 17-18-oktabr kunlari Baku shahrida o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlikning yakuniy bosqichi hisoblanib, sportchilarning mahoratini oshirish, xalqaro tajriba almashish va O‘zbekiston hamda Rossiya o‘rtasidagi sumo sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan”, deydi O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi Kamol Usmonov.
T. Ro‘ziyev, O‘zA