Rossiyadan kelayotgan sayyohlar soni oshmoqda
Rossiyaliklar kuzgi sayohat manzili sifatida O‘zbekistonni ko‘proq tanlashmoqda. Rossiya turizm sanoati uyushmasi (RST) ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning kuzida yurtimizga amalga oshirilgan sayohatlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65 foizgacha oshgan.
Sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivadagi xalqaro darajadagi mehmonxonalarni tanlashmoqda. Bunda mamlakatimizning bir nechta shaharlariga sayyohat qilishni o‘z ichiga olgan yetti-sakkiz kunlik dasturlarga talab katta. Shuningdek, gastronomik va madaniy yo‘nalishlar ham ommalashmoqda. RST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonga sayyohlik turlari narxi 5-10 foizga oshgan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi ham sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qildi. Xususan, “Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkentdan Yekaterinburg, Ufa va Permga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.
Aziza Alimova, O‘zA