Rossiyada ikki yil oldingi terakt bo‘yicha aybdorlarga hukm o‘qildi
Rossiya harbiy sudi Moskva viloyatidagi "Crocus City Hall" majmuasida sodir etilgan terror hujumi aybdorlariga nisbatan yakuniy hukm e’lon qildi. Ushbu jinoyat ishi doirasida jami 19 shaxs javobgarlikka tortilgan. Sud ularning aybi to‘liq isbotlangan, deb topdi.
Shu tariqa 15 sudlanuvchi umrbod ozodlikdan mahrum etildi. 4 nafar aybdorga 22,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Javobgarlar orasida nafaqat hujumni bevosita amalga oshirganlar, balki terrorchilarga turar joy, transport vositasi ajratgan va boshqa ko‘rinishda yordam bergan shaxslar ham bor.

Eslatib o‘tish joiz, 2024-yil 22-mart kuni sodir etilgan mazkur terror hujumi zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik fojialardan biri sifatida baholangan. Fojia oqibatida 149 inson halok bo‘lgan, 600 dan ziyod kishi turli darajada jarohatlangan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA