Rossiya – Ukraina nizosi: muzokara eshigi yana ochilyapti, ammo raketa va dron tingani yo‘q
O‘tgan hafta Rossiya – Ukraina nizosida bir-biriga ters ikki jarayon yonma-yon kechdi. Vashington Moskva va Kiyev muzokarasini qayta harakatlantirishga urindi.
AQSH vakillari nizoli davlatlarga bordi. Donald Tramp Vladimir Putin bilan qo‘ng‘iroqlashdi, Kreml esa uch tomonlama muzokarani tiklash imkoniyatini ochiq qoldirdi. Afsuski, diplomatik kanal ochilsa-da, frontda sukut o‘rnatilmadi. Kiyevga raketa va dron zarbasi yana kuchaydi, Ukraina esa Rossiyaning Qora dengiz sohili va boshqa hududlaridagi ob’ektlarga uzoq masofali dron bilan hujum qildi. Natijada tahlilchilarning asosiy savoli “Muzokara boshlanadimi?”dan, “Tomonlar muloqot davrasiga qanday yondashuv bilan keladi?”ga aylanmoqda.
Vashington muzokara yo‘lagini qayta ochishga urinyapti
AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Moskva va Kiyevga tashrifi muzokara jarayonidagi asosiy voqeaga aylandi. Ular avval Vladimir Putin, keyin Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Kiyev suhbatdan so‘ng tinchlik bo‘yicha munosib g‘oyalar taklif etilganini bildirdi. Shuningdek, keyingi muzokara aniq natija berishi kerakligini ta’kidladi.

Moskva ham muloqot eshigini yopmadi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya, AQSH va Ukraina ishtirokidagi uch tomonlama muzokarani qayta boshlash bo‘yicha umumiy siyosiy iroda borligini tan oldi. Ta’kidlanishicha, uchrashuv yaqin istiqbolda tiklanishi mumkin. Moskva ehtimoliy muzokara uchun maydon masalasi keyinroq hal etilishi, qator davlatlar uchrashuvga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Tahlilchilar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratgan. Moskva muzokaraga tayyorligini bildirgan esa-da, o‘z talabi yumshatilgani haqida belgi bermadi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov mojaroning ildiz sababini hisobga olish lozimligini qayd etdi. Ya’ni, Moskva Ukraina NATOga qo‘shilmasligi va frontda shakllangan voqeliklar inobatga olinishi masalasini muhim deb bilyapti. Demak, bu bosqichni to‘laqonli tinchlik muzokarasi boshlanishi, deb atashga hali erta. Hozircha gap muloqotga qaytish uchun siyosiy yo‘lakni qayta ishga tushirish haqida ketyapti.
Vashington va Moskva muloqoti davom etadi
9-sentabr kuni Tramp Putin bilan telefon orqali suhbatlashganini aytarkan, RF rahbari Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish istagidaligini ta’kidladi. Uning talqiniga ko‘ra, Putin ham, Zelenskiy ham kelishuvga tayyor bo‘lsa, urushni yakunlash imkoni paydo bo‘ladi. Binobarin, AQSH, Yevropa va Ukraina razvedka doiralarida Putin urushni tugatishga tayyorligi borasida shubha bor.
Kreml suhbatni ijobiy baholadi. Putin va Tramp Ukraina bo‘yicha siyosiy yechim izlashda davom etishga kelishgan. Shuningdek, Moskva uch tomonlama muloqot qayta boshlanishidan hamon umidvor. Faqat Kreml hozircha tayyor yo‘l xaritasi mavjud emasligini ham ochiq aytdi.
Diplomatik harakat kuchaygan bir payt Rossiyaning Ukrainaga zarbalari yana avj oldi. 5-sentabrdan keyin, AQSH vakillari Kiyevga kelganda poytaxtga zarba bo‘yicha qisqa tanaffus kuzatildi. Afsuski, 8-sentabr kuni Uitkoff va Kushner ketgandan keyin Rossiya yana ballistik va qanotli raketa hamda dron bilan zarba yo‘lladi. Ukraina ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevda besh kishi halok bo‘lgan, 35 kishi yaralangan, maktab, klinika va yotoqxona – kamida 14 bino zarar ko‘rgan.

Ukraina havo kuchlari qanotli raketaning aksari tutib qolingani, ammo ballistik raketalarni urib tushirish ancha murakkab ekanini bildirgan. Shu bois Kiyev G‘arbdan raketaga qarshi mudofaa vositasi va interseptor yetkazib berilishini tezlashtirishni so‘ramoqda.
Moskva esa zarbani harbiy maqsad bilan bog‘laydi. RF Mudofaa vazirligi Kiyev va poytaxt viloyatidagi mudofaa sanoati korxonalari, dron va qanotli raketani ishlab chiqarish hamda saqlash ob’ektlari, harbiy yukni taqsimlash markazi nishonga olinganini bildirdi. Qora dengiz portida harbiy yukni tushirish uchun foydalanilayotgan infratuzilma va yonilg‘i tashuvchi kema ham zarba ob’ekti qatorida qayd etildi.
Rossiya hududi ham uzoq masofali dron zarbasidan himoyalanayotgani yo‘q
Kiyev ham zarba geografiyasini Rossiya hududiga chuqurroq olib kirishga urinmoqda. Novorossiysk hujumi bunga yaqqol misol. RF Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 8-sentabr kechasi va 9-sentabr ertalab Rossiya hududi hamda Qora dengiz ustida 596 Ukraina droni urib tushirilgan. Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev Novorossiysk eng ko‘p nishonga olingan shahar ekani, hujum oqibatida to‘rt kishi, bir bola halok bo‘lgani va 29 kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Ukraina tomoni uzoq masofali hujumlarni Rossiyaning harbiy-sanoat, energetika va logistika salohiyatiga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rmoqda. “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev so‘nggi oylarda rus nefti ob’ektlari va boshqa infratuzilmaga zarbani tizimli ravishda kuchaytirgan.
Ukraina havo mudofaasi yana asosiy masalaga aylandi
Kiyevga berilgan so‘nggi zarba G‘arb uchun ham havo mudofaasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Germaniya Kiyevga qo‘shimcha “Patriot” raketasi yetkazib berilishini ma’lum qildi. Berlin Rossiya qish mavsumida Ukraina energetika infratuzilmasiga qarshi zarbani yana kuchaytirishidan xavotir bildirmoqda. Muammo endi faqat havo mudofaasi tizimida emas, balki har bir tizim uchun zarur interseptor raketa zaxirasi ham cheklangan. Shu bois Kiyev bir vaqtning o‘zida ham mavjud tizimni saqlab qolish, ham yangi vositalar olishga harakat qilyapti.
Moskva esa G‘arbning yangi harbiy yordamini nizoni uzaytiruvchi omil sifatida baholagan. Kreml yordamni to‘xtatish Rossiya va AQSH o‘rtasidagi diplomatik jarayonni tezlashtiradi, degan qarashni ilgari surmoqda. Putin yordam masalasini Tramp bilan muhokama qilgani haqida Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.

Umuman, Yevropa uchun urush endi faqat Ukraina chegarasidagi masaladan ko‘ra kengroq ahamiyat kasb eta boshladi. Hafta voqealari nizo atrofidagi xavfsizlik muhiti ham Ukraina hududidan tashqariga ta’sir qilayotganini ko‘rsatdi. 9-sentabr kuni Moldova Ukrainaga zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya droni Moldova havo hududiga kirgan, yana biri Ruminiya tomonga o‘tgan. Prezident Zelenskiyning Norvegiyaga uchishi ham dron xavfi sabab kechiktirildi. Norvegiya Bosh vaziri esa Zelenskiy samolyoti Norvegiyaga uchish oldidan dronga juda yaqin kelganini aytdi.
Dilshod Hakimov, O‘zA