Rossiya - Ukraina nizosi: Havo zarbalari kuchaydi, diplomatik va harbiy bosim davom etmoqda
O‘tgan hafta Rossiya – Ukraina ziddiyatida havo hujumlari va xalqaro harbiy yordam masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Moskva Ukraina harbiy va logistika ob’ektlariga zarbalar yo‘llanayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Kiyev RF hududidagi neft va harbiy infratuzilmalarga dron amaliyotlarini davom ettirdi, G‘arb davlatlari esa havo mudofaasi tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni muhokama qildi.
Rossiyaning yirik havo hujumlari
Hafta davomida Rossiya Ukraina shaharlariga raketa va dron bilan bir necha bor ommaviy hujum uyushtirdi. Kiyev, Odessa, Sumi va Zaporojeda qurbon va yaradorlar qayd etildi. Ukraina rasmiylari zarbalar turar joylar, energetika hamda fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazganini ma’lum qildi.

RF Mudofaa vazirligi esa zarbalar harbiy sanoat ob’ekti, qurol-aslaha ombori va Ukraina Qurolli kuchlarining infratuzilmasiga qaratilganini bildirdi. Moskva tinch aholi nishonga olingani haqidagi da’volarni rad etib kelmoqda.
Ukraina ham Rossiya hududidagi ob’ektlarga zarbani kuchaytirdi. Uzoq masofali dron orqali RF hududidagi energetika va harbiy ob’ektlarga hujumni davom ettirdi. Kiyev ruslarning neft qayta ishlash inshooti, neft bazasi va logistika ob’ektlariga zarba berilganini ma’lum qildi. Ukraina bu amaliyotni Rossiyaning harbiy salohiyatini cheklashga qaratilgan deb izohladi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati mamlakat ichkarisidagi harbiy aerodromga tayyorlanayotgan hujumning oldi olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, RF Mudofaa vazirligi Odessa viloyatidagi Chornomorsk porti harbiy yuklar qabul qilish uchun foydalanilayotgan infratuzilma sifatida nishonga olinganini bildirdi.
Ukraina tomoni port infratuzilmasiga yetkazilgan zarar haqida xabar bergan bo‘lsa-da, Rossiya keltirgan harbiy maqsadlar haqidagi bayonotga munosabat bildirmadi.
Havo mudofaasi masalasi
Moskvaning kuchaygan raketa hujumlari ortidan Ukraina yana havo mudofaa tizimlarini kuchaytirish masalasini ko‘tardi. Parijda o‘tkazilayotgan “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida “Patriot” va boshqa zamonaviy havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga yetkazib berish, Yevropa davlatlari ishtirokida yangi raketaga qarshi mudofaa loyihasini amalga oshirish hamda harbiy hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi.
“Reuters” yozishicha, so‘nggi kunlarda Rossiyaning ballistik raketadan foydalanish holati ko‘paygani Ukraina uchun asosiy muammodan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois, Kiyev hamkorlardan havo mudofaasi vositasini tezroq yetkazib berishni so‘ramoqda.
Ukrainada hukumat yangilanmoqda
O‘tgan hafta davomida Ukraina ichki siyosatida ham muhim voqea yuz berdi. Prezident Vladimir Zelenskiy mamlakat bosh vaziri Denis Shmihalni lavozimidan ozod etish va uning o‘rniga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko nomzodini ilgari surdi.

Zelenskiy bu qarorni davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, iqtisodiyot va mudofaa sanoatini yanada jadal rivojlantirish zarurati bilan izohladi. Agar parlament nomzodni tasdiqlasa, Sviridenko Ukraina tarixidagi ikkinchi ayol bosh vazirga aylanadi.
G‘arb Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishga urinmoqda
Rossiyaning so‘nggi raketa hujumidan keyin Yevropa davlatlari va NATO ittifoqchilari Ukraina havo mudofaasi imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha yangi choralarni muhokama qildi. “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya Ukraina uchun 50 mingta dron ishlab chiqarishni moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, “Patriot” tizimi va boshqa havo mudofaasi vositalarini yetkazib berish masalasi ham kun tartibida qolmoqda.

Biroq tahlilchilar “Patriot” tizimlarini yetkazib berish va ularni jangovar navbatchilikka qo‘yish ma’lum vaqt talab qilishini ta’kidlamoqda. Shu sababli Ukraina yaqin oylarda ham havo hujumlaridan himoya qilishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Sanksiyalar muhokamasi davom etmoqda
Yevropa Ittifoqida Rossiyaga qarshi 21-paket sanksiyalar bo‘yicha kelishuv hozircha qabul qilinmadi. YeI tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ayrim davlatlar o‘rtasida kelishilmagan masalalar saqlanib qolayotganini bildirdi. RF rasmiylari esa avvalgi kabi yangi cheklov o‘lka siyosatiga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlab kelmoqda.
Fransiya Rossiya elchisini chaqirmoqchi

Fransiya hukumati Rossiya tomonidan uyushtirilgani aytilgan kiberjosuslik kampaniyasi ortidan Parijdagi RF elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirishini ma’lum qildi. Fransiya rasmiylari bu harakatni davlat xavfsizligiga qarshi yo‘naltirilgan faoliyat sifatida baholamoqda. Moskva esa G‘arb davlatlarining kiberhujumlarga oid ayblovlarini avval ham rad etib kelgan.
Ekspertlar nima demoqda?
Haftada davomida e’lon qilingan tahlillarda frontdagi vaziyat jiddiy o‘zgarmagani qayd etilyapti. “Reuters” tahlilchilari Rossiya tomoni bosimni asosan ommaviy raketa va dron hujumlari orqali saqlab qolayotganini, Ukraina esa G‘arb qurollari va uzoq masofali dron yordamida javob berishga harakat qilayotganini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, ekspertlar har ikki tomon yaqin muddatda hal qiluvchi harbiy ustunlikka erishishi qiyinligini qayd etmoqda.

“DW” nashri muxbiri bilan suhbatlashgan harbiy tahlilchi Ruslan Leviyev ham frontda strategik burilish kuzatilmayotganini, asosiy kurash resurslar, qurol-yarog‘ ta’minoti va uzoq muddatli iqtisodiy imkoniyatlarga bog‘liq bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Dilshod Hakimov, O‘zA