Rossiya tajribasi o‘rganilmoqda
Joriy yil 16 avgust kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida «Zamin» xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlik memorandumi doirasida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Dmitriy Rogachev nomidagi bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-tadqiqot markazining bolalarni statsionar tibbiy muassasalarda o‘qitish bo‘yicha vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Rossiyadagi shifoxona- maktablarning «Biz bilamiz» loyihasi rahbari Sergey Sharikov shifoxona pedagogikasi bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Hozirgi vaqtda ta’limning bunday modeli O‘zbekistonda tatbiq etilmagan.
Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shinning ta’kidlashicha, ushbu loyihaning O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilishi uzoq muddatli davolanayotgan saraton kasalligiga chalingan bolalarga o‘quv dasturini boshqa tengdoshlaridan qolishmasdan o‘zlashtirishga va keyingi bosqichlarda o‘qishni davom ettirishga imkon beradi. S.V. Sharikovning aytishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi, ular uchun ijobiy energiya va ishtiyoqni olish muhim, chunki onkologiya – bu hukm emas, bolalarga yashash va kasallik bilan kurashish uchun maqsad kerak.
M.Qosimova,O‘zA