Rossiya Kosovo bayrog‘ini tan olmaydi
Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining video uchrashuvini to‘xtatib, Kosovo bayrog‘i katta ekranda chiqishiga qarshilik bildirdi.
BMT Xavfsizlik Kengashining uchrashuvida Kosovo tashqi ishlar vaziri Donika Gervallaning orqasida mamlakat bayrog‘i paydo bo‘lgan. Binobarin, Rossiya mazkur holatga salbiy fikr bildirmoqda.
Kosovo 2008 yil Serbiyadan mustaqilligini e’lon qildi. Ushbu tarixiy voqea alban isyonchilari va serb kuchlari o‘rtasidagi shafqatsiz urushdan o‘n yil o‘tgach, yuz bergan.
Ta’kidlash kerak, BMTga a’zo 193 davlatdan 98 tasi Kosovoni tan oladi. Serbiya va Xitoy bilan yaqin aloqada bo‘lgan Rossiya esa norozi davlatlar qatoriga kiradi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy onlayn konferensiyada Rossiya Federatsiyasi va xavfsizlik kengashining boshqa ko‘plab a’zolari Kosovoning mustaqilligini tan olmasligi haqida aytdi. Shuning uchun yig‘ilishda, mintaqa bayrog‘ini namoyish qilishga qarshilik bildirildi.