Rossiya Hurmuz inqirozidan milliardlab daromad olmoqda (+video)
Moskvadagi Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya Hurmuz bo‘g‘ozidagi inqirozdan katta foyda ko‘rmoqda, deb xabar berdi Euronews.
Rossiya foyda ko‘rayotgan bir paytda, Germaniya neft importi xarajatlarining oshishiga duch kelmoqda. Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan yuzaga kelgan neft inqirozi sabab Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yumshatilishi G‘arbda xavotir uyg‘otgan edi. Xavotirlar to‘g‘ri chiqdi, hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya buning ortidan har oy bir necha milliard dollar qo‘shimcha daromad olmoqda.
Rossiya - Ukraina mojarosi boshlanmasidan oldin Moskva katta hajmda neft, gaz va o‘g‘itlar eksport qilar edi. Urush tufayli Yevropa davlatlari va keyinchalik Yevropa Ittifoqi Rossiya resurslarini xarid qilishni qisqartirdi, keyinchalik to‘liq to‘xtatdi.
Jahon neft zaxiralarining taxminan beshdan bir qismi Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Erondagi urush sabab bo‘g‘ozning yopilishi esa Rossiyaga bilvosita foyda keltirmoqda. “Hozir biz yoqilg‘ilar sohasidagi eng jiddiy inqirozni boshdan kechirmoqdamiz”, - deydi Germaniya iqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassisi Klaudiya Kemfert.
Germaniya - Rossiya tashqi savdo palatasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning foydasi oyiga 10 milliard yevrodan oshadi. Moskva neft, gaz va o‘g‘itlarni katta hajmda eksport qilishda davom etmoqda. Rossiyaning ehtimoliy foydalari bu bilan cheklanmaydi. Agar neft narxi hozirgi darajada, ya’ni barreli taxminan 100 dollar atrofida saqlansa, Rossiya byudjet rejasiga nisbatan qo‘shimcha 71,8 milliard dollar daromad olishi mumkin.
Urush boshlanganidan beri neft narxi taxminan 40 dollarga oshgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Rossiya neft va gazdan yiliga taxminan 50 milliard dollar qo‘shimcha daromad olishi mumkin.
Rossiya - Ukraina urushi boshlanganidan to‘rt yil o‘tib, Kreml qazilma yoqilg‘i eksportidan jami bir trillion yevrodan ortiq daromad olgan. Bu Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirishning asosiy manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Eng qizig‘i, bu holat Yevropa Rossiya energiya manbalariga qaramlikni tugatishga intilganiga va yangi sanksiyalar joriy etilganiga qaramay sodir bo‘lmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3Dzwq6C-Xxo" title="Rossiya Hurmuz inqirozidan milliardlab daromad olmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA