Rossiya dronlari Ukrainadagi yonilg‘i quyish shoxobchasiga hujum qildi
Ukrainaning Nikolayev viloyatida joylashgan “SOCAR” kompaniyasiga tegishli yonilg‘i quyish shoxobchasi Rossiya Qurolli kuchlari dronlari hujumiga uchradi.
Natijada majmua hududida kuchli portlash yuz berib, ma’muriy binoga zarar yetgan. Bu haqda “Trend.az” xabar berdi.
Hodisa 5-iyul kechqurun Nechayane qishlog‘i Odessa ko‘chasi 2-A uy yonida kuzatilgan. “SOCAR Energy Ukraine” kompaniyasi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, ob’ektga “Shahid” rusumli uch jangovar dron zarba bergan. Xavfsizlik chorasi oldindan ko‘rilgani, havo hujumi haqidagi ogohlantirishga qat’iy rioya qilingani va boshpana mavjudligi sabab, fojiali oqibatning oldi olingan. Hujum vaqti barcha xodimlar yashirinishga ulgurgan, hech kim jabrlanmagan. So‘nggi vaqtda Rossiya Ukraina bo‘ylab yonilg‘i quyish shoxobchalariga havodan tez-tez hujum uyushtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil ham Jitomir viloyati Berezina qishlog‘idagi portlash oqibatida “SOCAR Energy Ukraine” tarkibidagi ikki majmua jiddiy shikastlangan. 8-avgustga o‘tar kechasi Odessa viloyatidagi SOCAR neft omboriga dron hujumi kuchli yong‘in keltirib chiqargan va to‘rt kishi og‘ir jarohatlangan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA