Ronaldu Brunu Fernandeshni «An-Nasr»ga olib kelmoqchi
Saudiya klubi 31 yoshli portugaliyalik yarim himoyachini aynan joriy yozda o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.
«An-Nasr» sardori Krishtianu Ronaldu vatandoshi va «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandeshni Saudiya klubiga o‘tishga ko‘ndirish uchun faol harakat qilmoqda. Bu haqda 365Scores xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Ronaldu va «An-Nasr» Fernandeshning «Manchester Yunayted» bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan foydalanmoqchi.
Saudiya klubi 31 yoshli portugaliyalik yarim himoyachini aynan joriy yozda o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.
Avvalroq OAVda Fernandeshning faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettirish niyatida ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Brunu Fernandesh 2020-yil yanvaridan buyon «Manchester Yunayted» safida to‘p surib kelmoqda. U o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 37 ta uchrashuv o‘tkazib, 9 ta gol va 22 ta assist muallifiga aylandi.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining transfer qiymati 35 million yevroni tashkil etadi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan.