Rodos ritsarlarining mag‘lubiyati: Amir Temur qo‘llagan beqiyos qamal usuli
Ko‘hna tarix ko‘plab qudratli hukmdorlarni ko‘rgan. Ammo ularning sanoqlilarigina harb san’atida mutlaq mukammallikka erishgan. Bir paytlar G‘arbiy Anadoluda yengilmas hisoblangan bir qal’a bor edi. Bu Egey dengizi bo‘yida qad rostlagan qadimgi Smirna, ya’ni Izmir shahar-qal’asi edi. Ushbu istehkom uzoq yillar davomida Usmonli hukmdorlariga bo‘ysunmagan. Turk sultoni Murod I uni olish uchun ko‘p urindi. Keyinchalik uning o‘g‘li Boyazid Yildirim ham bu maskanga rahna sololmadi. Chunki qal’a Rodos ritsarlarining asosiy tayanch nuqtasi sanalanardi. Uning himoyasi mukammal darajada tashkil etilgan edi.
Ushbu maskanning joylashuvi g‘oyat murakkab edi. Bir tomoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga tutashib ketardi. Quruqlikka qarab yo‘nalgan qismida esa chuqur xandaqlar qazilgandi. Osmono‘par baland burjlar va qalin devorlar shaharni mustahkam himoya qilardi. Eng muhimi, qal’aning ichki bandargohi mavjud edi. Zarur pallada qal’a himoyachilari dengiz orqali bemalol madad olib turishardi. Mudofaa ishlarini asosan tajribali fransuz va italyan ritsarlari olib borardi. Amir Temur 1402-yilning 2-dekabrida aynan shu murakkab manzilga yetib keldi. Sohibqiron o‘z lashkari bilan bu yerni qamal qilishga kirishdi. Uning maqsadi faqatgina g‘alaba qozonish emas, balki adolat o‘rnatish edi.
Buyuk sarkarda jangni hech qachon birinchi o‘ringa qo‘ymagan. Shu sababli dastlab harbiy qoidalarga muvofiq yo‘l tutdi. U o‘z o‘g‘li Pirmuhammad va ishonchli beklaridan Shayx Nuriddinni elchi qilib jo‘natdi. Elchilar ritsarlar qal’asi boshlig‘i huzuriga kirib borishdi. Ammo mag‘rur ritsarlar elchilarning shartlarini keskin rad etishdi. Ular o‘zlarining yengilmas devorlariga va dengiz ortidagi madadga ishonishgandi. Shundan so‘ng Sohibqiron butun qo‘shinga qamalni boshlash uchun buyruq berdi.
Qal’ani quruqlikdan turib olishning iloji yo‘q edi. Chunki dengiz tomonidan muntazam oziq-ovqat va qurol-yarog‘ keltirilardi. Bu muammoni hal qilish uchun Amir Temur mislsiz reja ishlab chiqdi. Tarixchi Muiniddin Natanziy bu haqda hayratlanarli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Sohibqiron atrof hududlardan eng yirik bolor-yog‘ochlarni yig‘ishni buyurdi. Ustalar bu bahaybat yog‘ochlarni suvga tushirib, bir-biriga mustahkam bog‘ladilar. Natijada qirg‘oqdan qal’a devoriga qadar ulkan yo‘lak-ko‘prik bunyod etildi. Bu sun’iy ko‘prikning uzunligi ming gazga yetdi. Eni esa yuz gazni tashkil qilardi. Bir gaz o‘rtacha yetmish-sakson santimetr ekanini hisobga olsak, bu inshootning haybati yaqqol namoyon bo‘ladi.
Dengiz ustida bunyod etilgan bu to‘g‘on urush taqdirini hal qildi. Uning natijasida birorta ham kema shaharga yaqinlasha olmadi. Ichkaridan ham hech kim tashqariga chiqish imkoniga ega emasdi. Sohibqiron lashkarlari ana shu sun’iy to‘siq ustida turib jangga kirdilar. Ular shijoat ko‘rsatib, qal’a devorlariga zarba bera boshladilar. Shahar himoyachilari bu kutilmagan holatdan sarosimaga tushib qolishdi. Ular qurshovni buzish uchun tepadan tinmay hujum uyushtirishga urindilar. Biroq Amir Temurning mohir yoyandozlari osmonni o‘q yomg‘iriga to‘ldirdi. Kamondan uzilgan o‘qlar dushmanga bosh ko‘tarishga zarracha imkon bermadi. Istehkom butunlay tashqi dunyodan uzib qo‘yildi.
Bu orada quruqlikdagi qismda ham qizg‘in tayyorgarlik kechayotgan edi. Naqbchilar birinchi galda chuqur xandaq ustiga mustahkam ko‘prik tashladilar. So‘ngra soqchilar joylashgan burjlar birin-ketin qulatildi. Shu tariqa asosiy qal’a devorlariga ochiq yo‘l topildi. Naqbchilar devorlarning ostini o‘ya boshlashdi va u yerga yo‘g‘on yog‘och ustunlar o‘rnatdilar. Tosh devorlarni parchalash uchun ular o‘ziga xos usul qo‘lladilar. Yog‘ochlarga o‘t qo‘yilib, qizigan pista ko‘mir yordamida toshlar qizdirildi. So‘ng ularning ustidan sovuq suv va sirka quyildi. Haroratning keskin o‘zgarishi natijasida mustahkam tosh devorlar darz ketib, parchalana boshladi.
Ritsarlar tepadan dahshatli yondiruvchi aralashmalarni uloqtirishda davom etishardi. Ammo Sohibqiron askarlari bunga qarshi ham chora topdilar. Naqbchilar o‘zlarini himoya qilish uchun maxsus yopqichlardan foydalandilar. Bu yopqichlar tinmay sirka bilan namlanib turilardi. Sirka aralashmasi olovni o‘ziga yuqtirmas, shu tariqa jangchilar hayoti saqlab qolinardi. Taniqli fransuz tarixchisi Lyusen Keren bu voqealarga yuqori baho bergan. Olimning yozishicha, bu muhoraba Amir Temurning harbiy muhandislikda qanchalik buyuk mahoratga ega ekanini isbotlaydi. Tayyorgarlik ishlari yakuniga yetgach, Sohibqiron so‘nggi buyruqni berdi. Naqblardagi ustunlarga o‘t qo‘yildi va ulkan devorlar gumburlab quladi.
Devorlar o‘pirilgach, butun lashkar shiddat bilan shaharga yopirildi. Usmonli turk sultonlari o‘n yillab qamal qilib, ololmagan qal’a sanoqli kunlarda taslim bo‘ldi. Ikki haftaga ham bormay, mag‘rur Izmir butkul fath etildi. Bu g‘alaba nafaqat jismoniy kuch, balki teran tafakkur va beqiyos sarkardalik mahorati mahsuli edi. Amir Temur o‘zining bu zafari orqali Sharq harbiy ilmining naqadar yuksakligini butun dunyoga ko‘rsatdi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA