Robin van Persining oʻgʻli Niderlandiyadan voz kechib, Marokash terma jamoasini tanladi
Hozirda "Feyenoord" klubi sharafini himoya qilayotgan 19 yoshli iqtidorli hujumchi oʻz kelajagini boshqa mamlakat bilan bogʻlashni lozim topdi.
Niderlandiya futboli afsonasi, afsonaviy hujumchi Robin van Persining oʻgʻli Shakil van Persi xalqaro maydonda Marokash milliy terma jamoasi sharafini himoya qilishga qaror qildi. Bu haqda ZoneFRMF nashri xabar tarqatdi.
Hozirda "Feyenoord" klubi sharafini himoya qilayotgan 19 yoshli iqtidorli hujumchi oʻz kelajagini boshqa mamlakat bilan bogʻlashni lozim topdi.
Shakil van Persi shu vaqtga qadar Niderlandiyaning turli yoshdagi oʻsmirlar terma jamoalarida oʻynab kelayotgan edi. Biroq yosh forvard endilikda futbol fuqaroligini rasman oʻzgartirish niyatida ekanini oʻz yaqinlari va agentlariga maʼlum qilgan.
Ushbu kutilmagan tanlov ortida oilaviy ildizlar yotibdi. Shakilning onasi Buxra asli marokashlik boʻlib, futbolchi aynan onasining vatani boʻlgan Shimoliy Afrika jamoasidan tushgan chorlovga rozi boʻlishni afzal koʻrgan.
Muqaddam "Arsenal" va "Manchester Yunayted" klublarida porlagan ota — Robin van Persi ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida oʻgʻlining xalqaro maydondagi tanloviga hech qanday tazyiq oʻtkazmasligini, qaysi terma jamoani tanlashidan qatʼi nazar, unga toʻliq erkinlik berishini bir necha bor taʼkidlagan edi.