Riyodga hujum G7ni harakatga keltirdi
Yamandagi vaziyat yana keskinlashishi ortidan “Katta yettilik” xusiylarni Saudiya Arabistoniga qarshi hujumni to‘xtatishga chaqirdi. G7 rahbarlari guruhdan aholiga tegishli kemalarga tahdid qilmaslik va siyosiy jarayonga qaytishni talab qildi.
Bayonotda xusiylar har qanday harbiy harakatni to‘xtatib, siyosiy muzokaraga “jiddiy niyat bilan” qaytishi lozimligi aytildi. Buyuk Britaniya Riyodga mudofaa maqsadida havoda yonilg‘i quyish xizmati bilan yordam berishi, Fransiya esa xusiylar nishonga olgan energetika ob’ektlarini himoya qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Shuningdek, G7 Eronni guruhni qurollantirish va qo‘llab-quvvatlashni bas qilishga chaqirdi.
Yamanda 2014-yil boshlangan urush 2022-yil biroz susaygan edi, ammo iyul oyida Saudiya va xusiylar o‘rtasidagi to‘qnashuv yana avj oldi. So‘nggi haftalarda qurolli guruh Qizil dengiz sohilining katta qismini egallab, jahon savdosi uchun muhim Bob Al-Mandib bo‘g‘ozi ustidan nazoratni kuchaytirdi. Yanbudagi “Aramco” ob’ektlari ham hujumga uchradi. Riyod esa Moxa portiga zarba berdi. Xusiylarga yaqin SABA agentligi kamida olti kishi halok bo‘lgani va sakkiz kishi yaralanganini aytdi. Ziddiyat kuchayishi dengiz tashuvi va energiya ta’minotiga bosimni ham oshirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA