Rishtonda polvonlar maydonga tushdi
Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga qarashli Jahonobod qishlog‘ida belbog‘li kurash bo‘yicha an’anaviy respublika ochiq turniri o‘tkazilib, u Rishton tumani hokimi kubogi uchun bellashuvlarga aylandi.
Mazkur musobaqa 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgani uning ma’naviy ahamiyatini yanada oshirdi. Turnir nafaqat sport, balki xotira va qadr timsoliga aylanib, Jahonobod zaminida yashab o‘tgan nomdor polvonlar va murabbiy-ustozlar ruhiga bag‘ishlandi.

Tantanali ochilish marosimida Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqov ishtirok etib, polvonlarga omad va g‘alabalar tiladi. Turnir Rishton tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, Farg‘ona viloyat sport boshqarmasi, O‘zbekiston va viloyat belbog‘li kurash federatsiyalari hamda homiylar hamkorligida tashkil etildi.
Qiziqarli jihati shundaki, musobaqa xalqaro tus oldi — yurtimiz polvonlari bilan bir qatorda Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan sportchilar ham gilamga chiqdi. Bu esa bellashuvlarga yanada shiddat va raqobat ruhini bag‘ishladi.

Ko‘p sonli muxlislar ishtirokida o‘tgan sayil kurashida har bir bellashuv haqiqiy tomoshaga aylandi. Ayniqsa, Zaylobiddin Ortiqov, Husniddin Ro‘ziyev, A’zamjon Anvarjonov va Bobur To‘xtasinov kabi nomdor polvonlar ishtirokidagi kurashlar tomoshabinlarga unutilmas onlarni taqdim etdi.
Shu kuni maydonda faqat g‘alaba emas, balki hurmat va ehtirom ham ustuvor bo‘ldi. Faxriy polvonlar e’zozlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, marhum polvonlar — Ahmadjon Egamov, Abduqodir Jumaboyev, Azim Qo‘ldoshev, Orifjon Sobirov, Mullaxoji Sultonov, Beg‘amjon Ermatov, Bekzodbek Normatov va Abdulla Mamayusupov nomlari ehtirom bilan yodga olindi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Jahonobodda o‘tgan ushbu turnir yana bir bor milliy kurashimiz nafaqat sport, balki xalqni birlashtiruvchi ma’naviy kuch ekanini namoyon etdi.
N. Rahmonova, O‘zA