Rishton kulolchilik mahsulotlari dunyo bozorini zabt etmoqda
Farg‘ona viloyatining Rishton tumani kulolchiligi bir necha asrlik tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda ham bu ko‘hna xalq amaliy san’ati yetti iqlimda mashhur.
Usta-kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Ayni kunlarda bu an’analar yangi bosqichda davom ettirilmoqda.
Kulolchilik hadisini puxta egallagan Shokirjon Ahmadjonov kulolchilik klasterini tashkil etdi. Qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha ishga tushirilgach, 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, hududdagi 3 ming nafar aholi kasanachilik asosida ishga jalb etildi.

–2022 yildan mahsulotlarimizni Rossiyaga eksport qilish uchun 5 million dollarlik shartnoma imzolandi, – deydi Sh. Ahmadjonov. – Ayni paytda klasterning har bir a’zosi mehnatiga qarab, oyiga o‘rtacha 2-4 million so‘mgacha daromadga ega bo‘lmoqda.
Rishtonlik yana bir usta-kulol Alisher Robilov yashash xonadonida tashkil etgan ustaxonasida 12 nafar shogirdi birga kulolchilik mahsulotlarini tayyorlab Rossiyaga eksport qilmoqda.
Hozirda tuman kulollari tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar asosan Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Rossiya kabi turli xorijiy davlatlarga eksport qilinadi. Yaqin istiqbolda eksport geografiyasini yanada kengaytirish maqsadida dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari tadbirkorlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Tadbirkor Islomjon Orifjonov “Chinor plyus 2020” turistik majmuasi hamda kulolchilik markazini barpo etmoqda. Rishton tumani “Oqer” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan majmuaning loyiha qiymati 37 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 12 milliard so‘m tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobiga to‘g‘ri keladi. Joriy yil iyul oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan turistik majmuada mehmonxona, sauna, yozgi va qishki basseyn va boshqa xizmat ko‘rsatish shaxobchalari joylashgan bo‘lib, Rishton turistik salohiyatining yanada rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Ushbu majmuaga yondosh hududda barpo etilayotgan Kulolchilik markazida ham qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

“Qalaynav" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida esa Hunarmandlar markazi qurilyapti. 0,8 gektar maydonda qad rostlayotgan 2 qavatli Hunarmandlar markazining loyiha qiymati 22,4 milliard so‘mni tashkil qiladi. 16 ta hunarmandlar xonadonini o‘z ichiga oladigan markaz loyihasi uchun “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan imtiyozli kredit ajratilgan.
Prezidentimizning 2021 yil 23 martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida barpo etilayotgan ushbu majmua Rishton tumanida 2021-2022 yillarda qurib bitkaziladigan to‘rtta yangi Hunarmandlar markazining biri bo‘ladi.

M. Sulaymonov, O‘zA