Respublika gandbolchilari Namanganda jam bo‘ldi
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida gandbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘yinlariga start berildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston gandbol federatsiyasi, Namangan viloyati hokimligi, viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari ishtirok etib, barcha ishtirokchi jamoalarga ulkan zafarlar yor bo‘lishini tiladi.
Gullar shahri mezbonligida o‘tayotgan chempionatning birinchi tur o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va qizlardan iborat 33 ta jamoa tarkibida 460 dan ortiq qo‘l to‘pi ustalari g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.

Musobaqani boshlab bergan qizlar o‘rtasidagi bahsda Toshkent shahri jamoasi Farg‘ona viloyatining ikkinchi jamoasini 15:11 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Andijonlik gandbolchilar jizzaxlik raqiblariga 11:19 hisobida yengilgan bo‘lsa, qoraqalpog‘istonlik sportchilar Navoiy viloyati vakillari bilan murosa yo‘lini tanladi. Hisob – 17:17. Mezbonlar – Namangan viloyati jamoasi esa, surxondaryoliklarni 18:16 hisobida taslim etdi. Samarqand va Xorazm jamoalari qarama-qarshiligida kichik farq bilan (11:10) ko‘hna kentliklarning qo‘li baland keldi.

O‘smirlar ishtirokidagi birinchi davra bellashuvlari ham qizg‘in ruhda tus oldi. Har bir uchrashuvda qatnashchilar qimmatli ochkolar, muhim g‘alabalar sari dadil intildi. Raqiblariga qaraganda chaqqonroq va faolroq o‘ynagan jamoalar dastlabki zafar nashidasini surdilar. Natijalar quyidagicha ko‘rinishda bo‘ldi: Farg‘ona – Navoiy 25:18. Toshkent shahri – Buxoro 32:25. Namangan – Toshkent viloyati 22:17. Xorazm – Q oraqalpog‘iston Respublikasi 20:16. Qo‘rg‘ontepa (Andijon) – Surxondaryo 8:22.

Yoshlar o‘rtasida sportning gandbol turini keng ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, terma jamoa tarkibi uchun munosib zaxirani tayyorlashga xizmat qiluvchi mamlakat chempionatining ilk tur bahslari 29-martga qadar davom etib, kelgusi mezbonlik estafetasini Namangandan Farg‘ona viloyati qabul qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA