Remdesivir, enoksaparin va boshqalar haqida...
Pandemiya boshlangandan buyon aholi orasida qonni suyultiruvchi dorilarga boʻlgan talab keskin ortib bormoqda.
Pandemiya boshlangandan buyon aholi orasida qonni suyultiruvchi dorilarga boʻlgan talab keskin ortib bormoqda. Ularning nomi ham, narxi ham turlicha. Shundan boʻlsa kerak, baʼzi hududlarda tanqis boʻlgan dori vositalari, boshqa joyda arzon va ortigʻi bilan turibdi.
Buning sabablari haqda “Dori-Darmon” AK boshqaruv raisi oʻrinbosari Abdugʻani Komilov aytib oʻtdi:
- Hozirda koʻpchilik qidirayotgan “Remdesivir” dori vositasini AQSHning “Gilead Sciences” kompaniyasi yaratgan va ishlab chiqaradi. Ushbu kompaniya mazkur dori vositasini yetkazish boʻyicha 127 ta davlat bilan litsenzion bitim tuzgan. Shu tariqa maʼlum bir davlatlarga ushbu preparatni ishlab chiqarish uchun litsenziya berdi. Biroq, uning narx-navosini belgilashda ishtirok etmaydi.
Biz “Remdesivir”ni ishlab chiqaradigan Hindiston kompaniyasi bilan shartnoma tuzdik. Hozirda tizim dorixonalarida u 460 ming soʻmdan sotilmoqda. Shuningdek, koronavirus kasalligini davolashga ixtisoslashtirilgan markazlarga yetkazib berilmoqda.
Kurantil ham hozir ommalashdi. Germaniyada ishlab chiqarilayotgan bu nomdagi preparatlar yurtimizda ham tayyorlanmoqda. Aynan mazkur savdo belgisi boʻlmasa ham shu guruhga mansub koʻpgina dori vositalari mavjud. Misol uchun, qonni suyultiruvchi “Enoksaparin”. Uni Rossiyadan import qilmoqdamiz. Uning narxi dorixonalarda dozasining hajmiga qarab, 115 ming soʻmdan 207 ming soʻmgacha belgilangan.
Toʻgʻri, biz farmatsevtika bozoriga ega emasmiz. Lekin, bozorda narx-navo barqarorligini saqlash borasida taʼsir oʻtkazishga harakat qilamiz. “Enoksaparin” bilan shunday boʻldi. Uni dorixonalarga tarqatishimiz bozordagi narxlarni tushirdi. Odamlarda dorining aslida bahosi nisbatan past ekani haqida tasavvur hosil boʻldi. Shunga koʻra, boshqa dorixonalar ham arzonlashtirdi.
Aslida koronavirusni davolovchi, toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiluvchi dori vositasi hozircha yoʻq. Aytilayotgan dori vositalari faqatgina virusga qarshi va qoʻllanganda maʼlum bir ijobiy taʼsiri bor.