Reklama davlat tilida tarqatilishi shart
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Navoiy viloyati hududiy tuzilmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati yuzasidan reklama agentliklari, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchilar, shuningdek, jurnalist va blogerlar uchun seminar tashkil etildi.
Unda joriy etilgan yangi tartib va cheklovlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama aylanishi sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi, – deydi agentlikning viloyat hududiy tuzilmasi reklama faoliyatini tartibga solish bo‘limi boshlig‘i Axror Azimov. – Qonunga ko‘ra, endilikda davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlarga tashqi reklama va axborot ob’ektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida 5 yil muddatga beriladi. Viloyatda vakolatli organ, ya’ni tuman (shahar) hokimliklari va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasiga 78 ta yer uchastkasi joylashtirilib, ularning 51 tasi 158 million 209 ming so‘mga sotilishi ta’minlandi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil 9 sentyabridan boshlab kuchga kirgan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunda qonun tatbiq etilmaydigan sohalar aniq belgilab berilgan hamda uning normalarini qo‘llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalar tuzatilib, yangi tushunchalar bilan to‘ldirilgan.
[gallery-8961]
Qonun saylovoldi tashviqoti materiallariga, yetkazilishi majburiy bo‘lgan axborotga va maqsadi tovarni bozorda ilgari surish bo‘lmagan sinov natijalariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, respublika hududida reklama davlat tilida tarqatilishi qat’iy belgilanib, ayrim talablarga rioya etgan holda reklama mazmunining tarjimasi boshqa tilda takrorlanishi mumkin. Bunda reklamaning boshqa tildagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi matn harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi, tashqi reklamada umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi, tele, radiokanallarda, bosma nashrlarda reklamaning boshqa tildagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi kerak.
– Qonunga ko‘ra, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, ta’lim muassasalarida foydalaniladigan bosma nashrlar (darsliklar, kundaliklar, daftar va boshqalar)da tovarlar, bolalarni ularning sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish taqiqlanadi, – deydi A.Azimov. – Shuningdek, narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish va energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televideniye va radio orqali reklama qilish, tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish mumkin emas.
Ammo amalda-chi? Tadbirda ishtirokchilarning bugungi kunda telekanallarda hanuzgacha ayrim dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslardan foydalanilayotganlik holatlari borligi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari o‘rtaga tashlandi.
Seminarda mazkur Qonun va qonun osti hujjatlari ijrosi yuzasidan viloyatda olib borilgan o‘rganishlar natijalari xususida ham ma’lumot berildi.
– Reklamalarning joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha 2022 yil yanvar-avgust oylari davomida jami 3059 ta monitoring o‘tkazilib, 135 ta holatda kamchiliklar aniqlandi, – deydi Ahror Azimov. – Qonun buzilishi holatlarining 85 tasi tashqi reklamani joylashtirish tartibiga amal qilmaslik, 50 tasi esa ijtimoiy tarmoqlar orqali biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh, ma’danli suvlar, shifobaxsh oziqlantirish mahsulotlar bilan bog‘liq hamda reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan ta’qiqlangan alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlari xususidagi, shuningdek, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazishga doir reklamalar joylashtirish orqali qonun talablari buzilishlaridan iborat.
bugungi kunda viloyatda 312 ta tashqi reklama vositalari mavjud bo‘lib, joriy yilning sakkiz oyi mobaynida tashqi reklama sohasidan 793 million 300 ming so‘m mablag‘ undirilgan. Undirilgan mablag‘ning 40 foizi vositalar joylashtirilgan tuman va shaharlarning mahalliy byudjetlariga yo‘naltirilgan.
Seminarda ishtirokchilar Qonun yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA