Regbi orqali yaqinlashuv: 8 davlat Toshkentda muhim kelishuvga erishdi (+video)
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Markaziy va Janubiy Osiyo regbi alyansi – CASA uyushmasini tashkil etish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Marosimda Bangladesh, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Shri-Lanka va O‘zbekiston regbi federatsiyalari vakillari ishtirok etdi. Ushbu tuzilma mintaqada regbini rivojlantirish, tajriba almashinuvini kuchaytirish orqali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Nodavlat va ixtiyoriy mintaqaviy platforma sifatida faoliyat yuritadigan CASA a’zo mamlakatlarda musobaqalar tashkil etish va qo‘shma tashabbuslar ilgari surish jarayonini muvofiqlashtiradi. Shu bilan birga “Asia Rugby” va “World Rugby” qoidalari hamda vakolati to‘liq tan olinishini anglatadi.
Memorandumga muvofiq, tashkilot tenglik, shaffoflik, konsensus va xalqaro regbi standartiga sodiqlik tamoyili asosida ishlaydi.
Tomonlar 2026-yil 16-17-may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Rugby 7s Championship” musobaqasi bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.
Turnirda erkaklar va ayollar terma jamoalari ishtirok etmoqda.
Imzolangan hujjat a’zo mamlakatlarning sport diplomatiyasi, mintaqaviy birdamlik va regbini ommalashtirish yo‘lidagi umumiy intilishini namoyon etdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sExy9qptHWk" title="Regbi orqali yaqinlashuv: 8 davlat Toshkentda muhim kelishuvga erishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Oybek Davronov (video), O‘zA