Reabilitatsiya xizmati joriy etiladi
Sirdaryo viloyatida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini takomillashtirish va sohaga xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan hamkorlik aloqalari kengaymoqda. Shu maqsadda Japanese Society of International Rehabilitation mutaxassislari Kaori Yamaguchi va Kono Makoto viloyatga tashrif buyurdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar hamda parvarishga muhtoj fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, uy sharoitidagi reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish va soha mutaxassislari malakasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar yapon tajribasi asosida zamonaviy reabilitatsiya usullarini amaliyotga tatbiq etish, aholiga manzilli ijtimoiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, sohada o‘quv-seminarlar tashkil etish va mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tashrif davomida yapon mutaxassislari viloyatda aholiga ko‘rsatilayotgan reabilitatsiya xizmatlari, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va uy sharoitidagi parvarish tizimi bilan ham tanishishdi.

– Insonga yaqin va sifatli ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishda xalqaro tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Sirdaryo viloyatida bu borada boshlangan hamkorlik kelgusida reabilitatsiya xizmatlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Gulchehra Karimova.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA