Ravon yo‘llar aholi manfaatiga xizmat qilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tomonidan davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman(shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida” qaroriga asosan, Qo‘ng‘irot tumanini 2025-2026-yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida tuman hududidan o‘tuvchi 95V144 “D231 avtomobil yo‘li (4 kilometridan) – “Rao‘shan” OFY – “Saksaulsoy” OFY avtomobil yo‘lining 0–1-kilometr oralig‘ida asfalt yotqizilmoqda. Mazkur ishlar Qo‘ng‘irot tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Natijada hududda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, aholi va transport qatnovi uchun qulayliklar yaratiladi hamda harakat xavfsizligi yaxshilanadi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026 – 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining Xo‘jayli tumani hududidan o‘tgan 787,5-kilometr qismida yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiya qilinmoqda.
Mazkur yo‘l o‘tkazgichning uzunligi 60 metr, kengligi 24,6 metrni tashkil etadi. Loyiha zamonaviy muhandislik talablari asosida amalga oshirilib, joriy yilning noyabr oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan.
Ushbu yo‘l o‘tkazgich avtomobil yo‘li va temir yo‘l kesishmasida joylashgani bilan alohida ahamiyatga ega. Rekonstruksiya ishlari natijasida yo‘l o‘tkazgich zamonaviy talablarga moslashadi, transport oqimining uzluksizligi ta’minlanadi. Shuningdek, temir yo‘l chorrahalarida yuzaga keladigan kutishlar va xavfli vaziyatlarning oldi olinadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.