Raqobat va iste’molchilar manfaati — doimiy e’tiborda
Toshkent viloyatida raqobat muhitini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida teng sharoitlarni ta’minlash hamda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida hudud bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, o‘tgan davrda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 3 577 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 91 foizi qanoatlantirildi, qolganlari bo‘yicha tushuntirish berildi, ayrimlari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini joyida o‘rganish maqsadida tuman va shaharlarda sayyor qabullar tashkil etildi. Bunday uchrashuvlar aholi murojaatlarini bevosita eshitish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni hal etish choralarini belgilashga xizmat qilmoqda.
Raqobat muhitini himoya qilish, bozorlarda teng sharoitlarni ta’minlash va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish hududiy boshqarmaning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Birja savdolari bo‘yicha 55 ta korxona tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni savdoga qo‘yish va sotish jarayonlari kunlik nazoratga olindi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 7 ta ish qo‘zg‘atilib, ular asosida 2 milliard 367 million so‘m miqdorida moliyaviy sanksiya belgilandi.
Shuningdek, 22 ta tovar va xizmatlar bozorida o‘rganish hamda tahlillar o‘tkazilib, ularning natijalari bo‘yicha takliflar Qo‘mitaga kiritildi. Davlat xaridlari sohasida ham nazorat tadbirlari olib borildi. Jami boshlang‘ich narxi 2 milliard so‘mdan ziyod 1 ming 26 ta davlat xaridi o‘rganildi. Qonunchilik talablari buzilishi bilan bog‘liq 618 ta xarid yuzasidan jami 69 ta ish qo‘zg‘atildi. Ushbu ishlar doirasida 47 ta ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, 15 ta holat bo‘yicha qariyb 11,3 milliard so‘m moliyaviy sanksiya belgilandi. Tanlov savdolarini bekor qilish choralarini ko‘rish yuzasidan 9 ta holatda yozma ko‘rsatmalar berildi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidagi o‘rganishlar, tahlillar va murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 2026-yilning to‘qqiz oyida jami 10 milliard 970 million so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Bu orqali 190 ming 674 nafar iste’molchining huquqlari tiklandi. Uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini o‘rganish ham aholi manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutdi. O‘rganishlar davomida noo‘rin hisoblangan badallar va boshqa to‘lovlarni qayta hisob-kitob qilish, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini barqarorlashtirish hamda ularning moliyaviy holatini mustahkamlashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Natijada 7,4 milliard so‘m asossiz hisoblangan mablag‘ aniqlanib, qayta hisob-kitob qilindi va aholi qarzdorligidan chiqarildi. Bu orqali 46 mingdan ortiq iste’molchining huquqlarini tiklashga erishildi.

– Iste’mol bozorida mahsulotlarning sifati va xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilarni yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlardan himoya qilish maqsadida ham nazorat tadbirlari o‘tkazildi, – deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Ismoilov. – Hududiy boshqarma tomonidan gigiyenik vositalar, bolalar o‘yinchoqlari, yoqilg‘i-moylash materiallari, gazli ichimliklar, dudlangan va yarim dudlangan kolbasalar, chipslar, krekerlar, un, dukkakli hamda boshqa mahsulotlarning jami 83 turi bo‘yicha nazorat xaridlari amalga oshirildi. Iste’molchilar murojaatlari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut mahsulotlari, yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, yaxna ichimliklar va boshqa tovarlarning 30 dan ortiq turida yaroqlilik muddati o‘tgani aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan 13 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborildi.
Tashqi reklama vositalarini o‘zboshimchalik bilan o‘rnatish holatlarining oldini olish va ularni hujjatlashtirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlariga ogohlantirish xatlari berildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ham o‘rganildi. Unga ko‘ra, ayrim profil egalari internet sahifalarda milliy va oilaviy an’analarga, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Umuman, hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar raqobat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bozorlarda adolatli raqobat muhitini shakllantirish va asossiz moliyaviy hisob-kitoblarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu borada nazorat va tahlil tadbirlarini izchil davom ettirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda aniqlangan qonunbuzilishlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
A.Musayev,O‘zA