Raqobat shiddatli kechdi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning tuman bosqichi ko‘tarinki kayfiyat va kuchli raqobat muhitida tashkil etildi. Musobaqada jami 425 nafar nogironligi bo‘lgan yurtdoshimiz 5 ta sport turi bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Mirzaobod tumani hokimi Abdurahim Umarov hamda O‘zbekiston Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari Zoirxon Xolov ishtirok etib, ishtirokchilarga omad tilab, musobaqaning yuqori saviyada o‘tishiga tilak bildirdilar.

Maydonga chiqqan har bir ishtirokchi bugun nafaqat sport natijasi uchun, balki iroda, matonat va qat’iyat sinovi uchun ham kurash olib bordi. Bellashuvlar davomida do‘stona raqobat muhiti hukm surdi, har bir natija esa keskin kurashlar ortidan qo‘lga kiritildi.
Stol tennisida musobaqalar alohida qiziqish bilan kechdi. Aravachada harakatlanuvchi erkaklar o‘rtasida Gulmurod Berdiboyev o‘z mahorat va barqaror o‘yini bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tik turgan holdagi bahslarda esa To‘lqin Abdukarimov raqiblaridan ustun kelib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Surdo ayollar o‘rtasida ham keskin va qizg‘in bahslar kuzatildi. Stol tennisi yo‘nalishida Zamira Ibragimova, yengil atletikada Dildora Umarqosimova, badmintonda esa Nigora Qo‘shimova g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Zafar Xo‘jabekov eng yaxshi natijani qayd etdi.
Para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida O‘rol Eshmurodov tezlik va chidamlilik borasida ustunlik ko‘rsatgan bo‘lsa, para shaxmatda G‘iyos Toshpo‘latov aql-zakovati va strategik fikrlashi bilan raqiblarini ortda qoldirdi.

Armrestling bellashuvlari esa maydondagi eng shiddatli to‘qnashuvlardan biri bo‘ldi. 60 kg vazn toifasida Farhod Abdullayev, 70 kgda Hasan Murodullayev, +70 kg vaznda esa Donyor Yunusaliyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Eng muhimi, ular endilikda viloyat bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mirzaobod maydonlarida kechgan bugungi bellashuvlar g‘alaba faqat kuch bilan emas, balki iroda, sabr-toqat va qat’iyat bilan qo‘lga kiritilishini yana bir bor isbotladi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri