Raqamli tahdidlarga ogoh bo‘laylik
Bugungi shiddatli raqamli taraqqiyot sharoitida axborot xavfsizligi masalasi nafaqat texnik, balki ijtimoiy barqarorlik va milliy xavfsizlikning muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, internet makonida faol bo‘lgan yoshlar qatlamini turli kibertahdidlardan asrash, ularda raqamli madaniyat va mas’uliyatni shakllantirish dolzarb vazifalardan biri sifatida kun tartibiga chiqmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida o‘tkazilgan targ‘ibot uchrashuvi sohada amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga yaqqol misol bo‘ldi. Professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni qamrab olgan mazkur muloqot kiberxavfsizlikni ta’minlash, raqamli tahdidlarga qarshi immunitetni kuchaytirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakat sifatida ahamiyat kasb etdi.

Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasining Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir oliy ta’lim muassasasini “kiberjinoyatlardan xoli hudud”ga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Bu esa ta’lim tizimida xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
“Talaba-yoshlarning kiberjinoyat turlaridan himoyalanish usullari” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda mutaxassislar bugungi kunda tobora murakkablashib borayotgan kiberxavfsizlik muammolarini atroflicha tahlil qildi. Xususan, keng tarqalgan kiberjinoyat turlari, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish usullari, zararli dasturlar va ularning yashirin tahdidlari, shuningdek, internetdan xavfsiz foydalanish qoidalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda yoshlar orasida turli firibgarlik sxemalari, soxta ilovalar va “phishing” hujumlari (aldov yo‘li bilan ma’lumot olish) sezilarli darajada ortib bormoqda. Bu esa profilaktik targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, axborot xavfsizligi bo‘yicha bilimlarni tizimli ravishda oshirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Uchrashuv jarayonida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Bu esa tadbirning nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.

E’tiborli jihati shundaki, mamlakatimizda raqamli xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida axborot xavfsizligini mustahkamlash, kibertahdidlarga qarshi samarali tizim yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan. Ushbu strategik yo‘nalish doirasida ta’lim muassasalarida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, yoshlarning raqamli savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, raqamli tahdidlarga qarshi kurashish faqat texnik vositalar bilan emas, balki, avvalo, inson omili — ogohlik, bilim va mas’uliyat orqali ta’minlanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri