“Raqamli avlod qizlari-2022” loyihasi g‘oliblari taqdirlandi
Avvalgi xabarlarimizda ma’lum qilganimizdek, Prezident ta’lim muassasalari agentligi va “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat muassasai tomonidan “Raqamli avlod qizlari-2022” nomli loyiha tashkil etilgan edi.
Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda ushbu tadbirning yopilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur IT loyihasi 5 kun davom etdi. Darslar davomida ishtirokchilar mobil dasturlash, raqamli dizayn (Fashion), SMM&PR, branding hamda biznes analitika bo‘yicha tajribali mentorlarning mahorat darslarida ishtirok etishdi. “Raqamli avlod qizlari-2022” tadbiridan ko‘zlangan asosiy maqsad ayol-qizlarning axborot texnologiyalar sohasidagi rolini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Tadbirni agentlik rahbari Hilola Umarova ochib berib, loyiha ishtirokchilarining keyingi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
– Qizlarning o‘z ustida tinimsiz ishlashga bo‘lgan intilishi tahsinga sazovor. “Raqamli avlod qizlari-2022” bu yil ikkinchi marta o‘tkazilmoqda va quvonarlisi, biz bu yil yanada ko‘proq ishtirokchilarni qamrab olishga muvaffaq bo‘ldik. Umid qilamanki, siz bu yerda o‘rganganlaringizni boshqa qizlarga ham o‘rgatasiz. Jamiyatda ayol-qizlar kasb-hunarli bo‘lsa, o‘z o‘rnini topadi. Chunki kelajak egalarini tarbiyalash, yetuk shaxs sifatida shakllantirish ularning qo‘lida. Bu loyiha orqali qizlarimiz zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘ladilar.

Mashg‘ulotlar offlayn va onlayn o‘tkazildi, unda eshitish qobiliyati zaif bolalar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va tanlov jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 60 nafar ishtirokchi qizlar ishtirok etdi.
Shuningdek, “Raqamli avlod qizlari-2022” davomida “Suzani by Kasimbaeva” brendi asoschisi Madina Qosimboyeva, Isroil davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Zexavit Ben Xillel hamda “Express24” mutaxassisi Samira Latipovalar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvlar doirasida mehmonlar qizlar bilan o‘z faoliyatlari haqida so‘zlab bergan holda, yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘proq izlanish va maqsad sari betinim harakat qilish lozimligini ta’kidlashdi.

– Ushbu tanlovda o‘zimning “Katta opa” nomli loyiham bilan ishtirok etdim. Bu loyiha bilan nafaqat Toshkent shahrini, balki barcha viloyatlarni qamrab olish rejalashtirilgan. Barcha qizlar bir xil aql-salohiyatli emas, bu loyihadan ko‘zlangan maqsad ham shunday qizlarni jamiyatda faol bo‘lishlariga ko‘maklashishdan iborat. Bu loyiha keng ommalashsa, chekka-chekka viloyatdagi xotin-qizlarimiz qo‘llab-quvvatlanar edi, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri Ohista Qurbonova.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchi qizlar o‘z loyihalarini taqdimot qilishdi va hakamlar hay’ati tomonidan ularning loyihalari baholanib, har bir nominatsiya bo‘yicha jami 16 nafar g‘olib aniqlandi. Ularga sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA