Ranglar jilosidagi ijod olami
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston xalq rassomi Aleksandr Perovning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
“Bizning meros” turkumi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada mamlakatimiz tasviriy san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan rassomning serqirra ijodiy merosi, turli janrlarda yaratilgan asarlari namoyish etilmoqda.
Aleksandr Perov rangtasvir sohasida samarali ijod qilgan, janrli kompozitsiya, manzara va natyurmort yo‘nalishlarida o‘ziga xos uslubini shakllantirgan ijodkor sifatida tanilgan. Uning asarlarida tabiat va inson hayotini kuzatish, borliqning nozik jihatlarini ilg‘ash hamda ularni ranglar vositasida badiiy obrazga aylantirish mahorati namoyon bo‘ladi.
[gallery-31463]
Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida tug‘ilgan A.Perov 1950-1955-yillarda Toshkentdagi Respublika rassomlik bilim yurtida tahsil olib, S.Rakova va N.Qo‘ziboyev kabi ustozlardan rangtasvir sirlarini o‘rgangan. Keyinchalik hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsilni davom ettirgan.
Rassomning ijodiy faoliyati asosan Toshkent shahri bilan bog‘liq. Poytaxtning o‘ziga xos muhiti, tabiati va insonlar hayoti uning ijodi uchun muhim ilhom manbai bo‘lgan. Ijod bilan bir qatorda pedagogik faoliyat olib borgan rassom san’at ta’limi va yosh ijodkorlar kamolotiga ham hissa qo‘shgan.
Ijodkor asarlarida oddiy va tanish voqelikni badiiy jihatdan ta’sirchan ifodalashga intiladi. Janrli kompozitsiyalarida inson va uning atrofidagi muhit, manzaralarida tabiatning turfa holatlari, natyurmortlarida esa predmetlarning shakli, rangi va o‘zaro uyg‘unligi aks etgan.
Aleksandr Perovning asarlari O‘zbekiston va Rossiya muzeylari to‘plamlari, shuningdek, xorijdagi xususiy kolleksiyalardan o‘rin olgan.
Mazkur shaxsiy ko‘rgazma rassomning ijodiy merosini keng jamoatchilikka taqdim etish, uning tasviriy san’atdagi o‘ziga xos uslubi va badiiy izlanishlari bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda.
Ko‘rgazma yosh rassomlar, san’atshunoslar, talabalar va tasviriy san’at ixlosmandlari uchun ijodkor asarlarini bevosita tomosha qilish va uning badiiy merosi haqida tasavvurini boyitishga xizmat qiladi.
Kamola YUSUPOVA, Oybek PARDAEV (surat), O‘zA