Rahbar va yoshlar uchrashuvida yangi rejalar belgilandi
Ochiq muloqot, suhbat, fikr almashish, sohaga daxldor masalalarni yosh mutaxassislar bilan birgalikda muhokama qilish asnosida qabul qilingan qarorlar taraqqiyotga xizmat qiladi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti talabalari, magistrantlari, ilmiy xodimlari bilan sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudovning uchrashuvida yoshlarning takliflari tinglandi, savollariga javob berildi.
[gallery-28789]
Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutida yoshlarning laboratoriya mashg‘ulotlari, ilmiy faoliyati hamda dissertatsiya tadqiqot jarayonlari bilan tanishuv davomida bir qator loyihalar, izlanishlarni tadqiq etish, ommaviy sportni rivojlantirish, professional sportda natijadorlikka erishishda sinab ko‘rish takliflari bildirildi.
Uchrashuv davomida magistrantlar tomonidan ilgari surilgan taklif va muammolar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Ochiq muloqot, samimiy fikr almashinuvi va yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ruhida o‘tgan bunday uchrashuvlar yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda sohada mavjud muammolarga amaliy yechimlar topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA