Rag‘bat – samarali mehnatga bildirilgan ishonch
Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi tantanalari yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Davlat idoralari, tashkilotlar va korxonalarda ushbu sana ko‘tarinki ruhda bayram qilinishi barobarida faol ishchi-xodimlar va faxriylar rag‘batlantirildi.
Ana shunday tantana “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalarda ham davom ettirildi. Ayniqsa, jamiyat rahbariyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi hamda Neft va gaz sanoati xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan 200 nafardan ortiq ishchi-xodim faxriy yorliq va bir oylik maosh miqdoridagi pul mukofoti berilishi ularga bildirilgan katta ishonch bo‘ldi.
“Uzbekistan GTL” kompaniyasi mutaxassisi Shohrux Xolmatovning ma’lum qilishicha, “GTL” zavodi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidan 52 nafar ishchi-xodim ana shunday e’tiborga sazovor bo‘ldi.
– Jamoamiz uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Biz davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi va har sentyabr oyining birinchi yakshanbasini Neft va gaz sanoati xodimlari kuni sifatida nishonladik. Shu bayramlar munosabati bilan xodimlarimiz taqdirlandi. Xususan, Prezidentimiz tegishli farmoni asosida “Uzbekistan GTL” kompaniyasi bosh direktori Faxriddin Abdurasulov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Bu jamoamiz uchun katta quvonch, ishonch va rag‘batdir, – dedi Sh.Xolmatov.
Ma’lumot o‘rnida, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qad rostlagan “Uzbekistan GTL” MDH doirasidagi eng yirik zamonaviy zavoddir. U Janubiy Afrika, Malayziya va Qatar kabi davlatlardagi “gazdan-suyuqlikka” texnologiyasi bo‘yicha sanoqli yuqori texnologik zavodlar qatoridan joy olgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA