“Quvnoq yulduzchalar”ning quvnoq bolajonlari
Xalqimizning bola asosiy bilimni 7 yoshgacha oladi, degan naqlidan kelib chiqsak maktabgacha ta’limning bola tarbiyasidagi o‘rni nechog‘lik ahamiyatli ekanligi ko‘rinadi.
Bugun hukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida chekka-chekka hududlarda ham zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari qad rostlamoqda. Ayniqsa, bu yo‘nalishda xususiy sektorning ulushi ortayotgani o‘sha hududdagi bolajonlarning ham sifatli ta’lim-tarbiya olishiga imkon yaratmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Qizilchorva mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholining farzandlari shu kunga qadar bog‘cha tarbiyasini olish imkoniga ega emasdi. Boisi yaqin hududda birorta ham bog‘cha yo‘q edi. Qishloqda sobiq ittifoq davrida qurilgan bog‘cha esa, juda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani uchun allaqachon faoliyatini to‘xtatgan.
Tadbirkor Boymamat Rahmatov eski bog‘cha binosi sotib oldi. Abgor ahvoldagi eski bog‘cha binosi o‘rnida zamonaviy “Quvnoq yulduzchalar” nomli 150 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etdi. Buning uchun qariyb 1,5 milliard mablag‘ sarflandi. Loyihaning ishga tushishi natijasida 12 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
– Bog‘chamizga nafaqat o‘zimizning mahallamizdan, balki atrofdagi Qorakamar, Do‘stlik, Dona qishloqlaridan ham bolalar keladi, – deydi bog‘cha mudirasi Sojida Qo‘ldosheva. – Asosiy e’tiborni bola tarbiyasiga qaratganmiz.
Ayniqsa, chet tillarini chuqur o‘rgatish maqsadida tajribali pedagoglarni jalb qilganmiz. Bundan tashqari, tasviriy san’at, musiqa, sport to‘garaklari ham faol o‘tiladi. Xullas bola bir kunlik vaqtini mazmunli o‘tkazadi, ham ilm oladi.
[gallery-3795]
Ma’lumot o‘rnida 2021 yilning 8 oyida tumanda 2 ta davlat (faoliyat ko‘rsatmagan va rekonstruksiya qilingandan so‘ng faoliyatini boshlagan), 1 ta davlat-xususiy sherikchilik, 64 ta oilaviy nodavlat jami 66 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, ularga 1 ming 880 nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrab olingan.
Tahlillarga ko‘ra, 2017 yilda tumanda 3-7 yoshli bolalar soni 38 ming 145 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib rasmiy statistika bo‘yicha 45 ming 158 nafarni tashkil etmoqda. Joriy davrda bolalar soni 7013 nafarga oshgan.
Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan tumanda 30 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, shundan Chiljivut MFYda 20-sonli 90 o‘rinli, Dodiq mahalla fuqarolar yig‘inida 21-sonli 120 o‘rinli hamda 28 ta 700 o‘rinli oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat boshladi. Natijada 910 nafar bola bog‘cha ta’limiga jalb qilinib, qamrov ko‘rsatkichi 2 foizga oshirildi. 108 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tumanda maktabgacha ta’limga bolalar qamrovini joriy yil yakuniga qadar 38,9 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA