“Qurolsiz askarlar” ko‘rsatgan jasorat
Ikkinchi jahon urushi yillarida Ural o‘lkasi harbiy-mudofaa ishlab chiqaruvchi asosiy hududga aylandi. Chunki bu yer urush boshlanishi davridanoq ishlab chiqarish infratuzilmasiga ega, sanoatlashgan hamda temir yo‘llar joylashgan qulay makon edi.
Urushning dastlabki ikki yilida Rossiyaning Yevropa qismidan 730 ta sanoat korxonasi ittifoqning turli hududlariga evakuatsiya qilingan edi. Shuning uchun Ural hududlaridagi sanoat korxonalariga minglab odamlar safarbar qilindi va mehnatga yollandi. Ular sanoat korxonalarida, ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa turli muassasalarda ishlashi ko‘zda tutilib, to‘laligicha “mehnat armiyachilari”ga aylantirildi. Evakuatsiya qilinganlarning aksariyati mahalliy aholi singari turmush kechirsa, boshqa bir qismi maxsus sharoitlarda kun ko‘rishga majbur bo‘lgan.
Turli millat va elatlardan tarkib topgan mehnat kolonnalaridagi ishchilar urush yakunlangunga qadar ishlashi belgilandi va ularning safi yangi-yangi kuchlar bilan muntazam to‘ldirib borildi. Tarixiy dalillar shuni isbotlaydiki, Ikkinchi jahon urushi yillarida Uralga jalb qilingan “mehnat armiyachilari” 3 toifaga bo‘lingan. Birinchi toifa – sovet-nemislari, ikkinchi toifa – O‘rta Osiyo harbiy okrugidan jalb qilinganlar, uchinchi toifa esa maxsus ko‘chkinchilar edi. Ushbu toifa vakillari “qurolsiz askarlar” sifatida mehnat qildi va tarixda nom qoldirdi.
VKP(b) Markaziy Komiteti Siyosiy byurosining 1941 yil 31 avgustdagi “Ukraina hududidagi nemislar haqida”gi qarori bilan ittifoq hududlarida yashovchi nemis millatli aholi “mehnat armiyasi”ga ommaviy jalb qilingan ilk xalqlar bo‘lib tarixga kirdi.
Mudofaa xalq komissarligining 1941 yil 8 sentyabrdagi 35105 raqamli direktivasi bilan Qizil Armiya tarkibidagi nemis millatiga mansub xalqlarni xizmatdan ozod qilish belgilandi. Bunga ko‘ra, endilikda bu millat fuqarolarini ichki okruglar va qurilish harbiy qismlarga yo‘naltirildi. Aynan mana shu davrdan boshlab Uralda ilk “mehnat armiyachilari” shakllana boshlandi.
Ittifoq Davlat mudofaa komitetining 1942 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan O‘rta Osiyo harbiy okrugidan 350 ming oddiy fuqaro “mehnat armiyachilari” sifatida Uralga yuborildi. 1943 yilning kuzida jalb qilinganlarning asosiy qismi O‘zbekistondan edi. 1943 yilning 15 aprelida 67000 mehnatkash, ya’ni hududga joylashtirilgan O‘rta Osiyo aholisining 48,6 foizini o‘zbekistonliklar tashkil qilgan. Ulardan Sverdlovsk viloyatiga - 15131 kishi, Chelyabinsk viloyatiga - 7427, Molotovga - 2212, Chkalovga - 2523, Boshqirdistonga - 2357 va Udmurtiyaga - 2970 nafar kishi joylashtirilgan. O‘zbeklardan tashqari bu yerlarda tojiklar, turkmanlar, qirg‘izlar va qozoqlar ham bo‘lgan. Bu millat vakillarining soni 30 mingdan ortiq bo‘lgan.
“Mehnat armiyachilari”ning uchinchi toifasiga Ittifoq hududiga deportatsiya qilingan, sobiq quloqlar va ularning oila a’zolari, ishchilar kolonnasi tarkibidagi maxsus ko‘chirilganlar misol bo‘ladi. O‘rta Osiyodan amalga oshirilgan safarbarlik shu qadar “o‘ta shoshilinch” tartibida tashkil qilindi. Hatto yirik eshelonlar 3 kun ichidayoq shakllantirilib, birinchilardan bo‘lib 1700 kishini o‘z ichiga olgan eshelon Toshkent harbiy komissariatidan Boshqirdistonga qarab yo‘l olgan.
Shoshma-shosharlik bilan uzoq va sovuq hududlarda yuborilgan mehnatkashlarga issiq kiyim-bosh va oyoq kiyim berishga ulgurishmagan. To‘g‘rirog‘i, issiq kiyimlarni borgan zavodlardan berilishi aytilgan bo‘lsa, zavodlar esa yig‘uv punktlaridan berilishi kerakligini ta’kidlagan. Buning natijasida sovuq o‘lkalarga kelgan mehnatkashlar egnida yengil kiyimlar va boshlarida do‘ppilari bilan qolgan. “Mehnat armiyachilari” siyosiy yetakchilarning sa’y-harakatlari hamda Ural xalqining bag‘rikengligi bilan frontga ketgan turmush o‘rtoqlari va aka-ukalarining qolgan kiyim-boshlari bilan ta’minlashi natijasida muammolar asta-sekinlik bilan hal qilingan.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududlaridan “mehnat armiyachilari”ning Ural hududlariga kelishi 1941 yilning oxirlariga to‘g‘ri keladi. Ularning katta qismi 1942 yilning kuzi va 1943 yilning bahorida yuborilgan. “Mehnat armiyachilari”ning, to‘g‘rirog‘i “mehnat ko‘chkindilari”ning katta miqdorda yuborilganligini birgina O‘zbekiston misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, 1941-1943 yillarda 155 ming nafar o‘zbekistonlik mehnatga safarbar qilingan edi.
Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, O‘rta Osiyodan borgan “mehnat armiyachilari”ning aksariyati qishloq dehqonlari bo‘lgan. Rus tilini bilmasligi va sovuq havoga moslashmaganligi sababli ko‘p qiyinchilik va mashaqqatlarni boshidan kechirgan. Yashash sharoitlarining og‘irligi va o‘zlarining eskirgan kiyimlarida ishlashi oqibatida nihoyatda azob-uqubat chekkan.
Ocharchilik, oziq-ovqat tanqisligi, og‘ir mehnat, turar joylarning nobopligi, izg‘irin sovuq va boshqa ko‘plab sabablar tufayli “mehnat armiyachilari”ning ko‘p qismi halok bo‘lgan. Keyinchalik O‘zbekiston va Tojikistondan oziq-ovqat mahsulotlari yuklangan eshelonlar yuborila boshlangan.
Udmurtiyalik olim T.Tretyakovning tadqiqotlarida urush yillarida “mehnat armiyachilari” sifatida 51 raqamli trestga safarbar qilingan o‘zbeklar Buxoro va Termiz hududlaridan bo‘lgani, ular turli yoshda bo‘lib, orasida chorvador, kosib, novvoy, o‘t o‘chiruvchi kabi turli kasblar egalari borligi qayd etilgan.
– Mening otam Aleksey Vasilevich Semenovskiy “Uralmash” zavodida o‘n tonnalik pressda temirchi bo‘lib ishlagan, – deydi “Uralmash” zavodining sobiq ishchisi Vladimir Semenovskiy. – Unga ko‘plab o‘zbeklar yordamchi bo‘lgan. Ular zavod oshxonasidan beriladigan ovqatni yemagan, o‘zlari ham yupun kiyingan. Og‘ir mehnat va kam ovqatlanishdan vafot etgan ko‘plab o‘zbeklarning yonlaridan to‘plangan pullar topilgan. Buning sababi, ular mehnat qilib topgan halol pullarini keyinchalik uylariga, oilasiga olib borishni orzu qilgan edi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Sverdlovsk zavodidagi ishchilar holatini o‘rgangan Ural davlat universiteti tadqiqotchilarining ta’kidlashicha, “Uralmash” zavodiga safarbar qilingan O‘rta Osiyo vakillari haqidagi hujjatlarda o‘zbeklar va tojiklarning baliq, kolbasa, qo‘ziqorin, sho‘r karam yemasligi ma’lum bo‘lgan. Vaholanki, ovqat faqat shu mahsulotlardan tayyorlanar edi. Holat shu darajaga yetganki, og‘ir mehnat qilishiga qaramasdan oilasini o‘ylab, hatto ikkinchi ovqatni ham yemasdan boshqalarga sotib, pul to‘plashga harakat qilganlarga keyinchalik umuman ovqat berilmagan.
O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘z vatandoshlari bo‘lgan ishchilar uchun alohida oziq-ovqat brigadalari tashkil qilib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish sharoitlarini yo‘lga qo‘ygan. Keyinchalik ko‘plab sanoat korxonalarida o‘zbek milliy taomlari tayyorlanadigan bo‘lgan. “Uralmash” hududida, shuningdek Udmurtiyadagi 51-trest hududlarida ham o‘zbekona choyxonalar, hatto Orskda 10 ta sharqona uslubdagi choyxona paydo bo‘lgan. Ammo hamma joyda ham bu kabi qulay sharoitlar bo‘lmagan. Aksariyat ishchilar boshqa millat vakillari bilan baraklarda, sovuqda kun kechirgan.
O‘rta Osiyodan borganlar, jumladan, o‘zbek musulmonlari og‘ir mehnat sharoitlarida vafot etgan yurtdoshlarini dafn qilishda ayrim muammolarga duch kelgan. Chunki, mahalliy hudud e’tiqodlaridan farqli o‘laroq mayitni kafanlash masalasida toza mato topish muammo va qimmat bo‘lganligi sababli ular yotoqlaridagi to‘shak ustiga tashlanadigan toza matodan foydalangan. Bu esa o‘zaro nizolarga ham sabab bo‘lgani aytiladi.
Sirasini olganda, O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan mamlakatning Ural, Janubiy Ural, Boshqirdiston, Chelyabinsk va boshqa hududlariga yuz minglab kishilar mehnat frontiga jalb etildi. Ular mislsiz og‘ir qiyinchilik va ocharchilik sharoitida front talabini qondirish, dushman ustidan g‘alaba qozonish uchun qurol-aslaha, o‘q-dori, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarni tayyorlashda ulkan qahramonlik va jasorat ko‘rsatdi.
2020 yilda O‘zbekistonda nashr qilingan kitob-albomda keltirilishicha, 1941-1943 yillarning o‘zida O‘zbekistondan 155 ming kishi mehnat armiyasiga safarbar qilingan. 1943 yili RSFSRning 14 oblast, 4 avtonom respublikasi va Krosnoyarsk o‘lkasida 60 mingga yaqin o‘zbeklar ishlagan.
Maqomi harbiy askarga tenglashtirilgan “Qurolsiz askarlar”imiz haqiqiy mehnat kuchi, aqlu zakovati va Vatanga bo‘lgan muhabbati tufayli Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan. Bu insonlarning tarixi va taqdirini o‘rganish hamda tarix zarvaraqlariga bitish esa bizning asosiy vazifamiz hisoblanadi.
Xurshid Qurbonov,
Navoiy davlat pedagogika instituti prorektori, tarix fanlari nomzodi