Qurolli Kuchlardagi islohotlar: Chirchiqda OAV uchun "press-tur" tashkil etildi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan zamonaviy, ixcham va yuqori harakatchan milliy armiya shakllandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 1 dekabrdagi farmoyishi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar hamda harbiy qism va muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan jamoatchilikni tanishtirish maqsadida joriy yilning 30 yanvar kuni Chirchiq shahrida press-tur tashkil etildi.
Press-turda vazirlik va idoralarning axborot xizmati rahbarlari, axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va jamoatchilik faollari ishtirok etdi. Dastur doirasida ishtirokchilar Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi, Qurolli Kuchlar Maxsus operatsiyalar kuchlarining dala-o‘quv poligoni hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tarkibidagi Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti faoliyati bilan tanishdilar.
Press-turning ilk manzili Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi bo‘ldi. Davlat rahbari tashabbusi bilan bu yerda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari natijasida zamonaviy, yuqori texnologik ishlab chiqarish bo‘linmalari tashkil etilgan.
Zavod hududida MDH va mintaqada yagona bo‘lgan «Airbus» rusumli vertolyotlarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyat yuritmoqda. «Airbus» kompaniyasi tomonidan sertifikatlangan ushbu markazda H-125, H-130 va H-215 rusumli vertolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashning to‘liq sikli yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-27404]
Shuningdek, Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta’mirlash va chuqur modernizatsiya qilish jarayonlari namoyish etildi. Natijada aviatsiya texnikasi zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi ko‘rish uskunalari hamda o‘zini himoya qilish bort majmualari bilan jihozlanmoqda.
Qatnashuvchilar Maxsus operatsiyalar kuchlarining zamonaviy dala-o‘quv poligonida ham bo‘ldilar. Xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan ushbu majmuada jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Bu yerda harbiy xizmatchilar zamonaviy jangovar va maxsus tayyorgarlik usullarini amalda qo‘llab, kasbiy mahoratini oshirmoqda. Raqamli texnologiyalar asosida kichik komandirlarning mustaqil qaror qabul qilish hamda boshqaruv qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ishtirokchilar bo‘linmalar ishtirokida o‘tkazilgan mashqlarni kuzatdilar.
Press-turning so‘nggi manzili Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tarkibidagi Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti bo‘ldi. Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan markazlashgan harbiy ta’lim tizimi doirasida mazkur institut zamonaviy jangovor ko‘nikmalarga ega ofitserlarni tayyorlashga ixtisoslashgan.
[gallery-27405]
Ayni paytda institutda 13 ta kafedrada qariyb ming nafar kursant tahsil olmoqda. Ta’lim jarayoni dual tizim — «50 foiz nazariya, 50 foiz amaliyot» tamoyili asosida tashkil etilgan. Ishtirokchilar «Shon-sharaf» maydoni, «Raqamli poligon», «Mafkuraviy poligon» hamda zamonaviy o‘quv auditoriyalari bilan tanishdilar.
Ishtirokchilarga harbiy mutasaddilar Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy ta’lim va tayyorgarlik tizimida yaratilgan shart-sharoitlar mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Hamroz Bayanov, O‘zA