Qurilishga oid talablar soddalashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyihada shaharsozlik normalari va qoidalarini birlashtirish yo‘li bilan tizimlashtirish, bugungi kunda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish ko‘zda tutilgan.
Qurilish ob’ektining yakuniy holatiga bo‘lgan talablarni belgilab beruvchi qurilishni normalashning parametrik usulini qo‘llash, jismoniy va yuridik shaxslarga shaharsozlik faoliyati sohasida xorijiy normativ hujjatlarini belgilangan shartlar asosida qo‘llashga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Qurilish sohasida narxlarni shakllantirishda asos bo‘luvchi smeta qoidalarini smeta normativlari shaklida tasdiqlash va ochiqlikni ta’minlash, qurilish sohasidagi o‘zini o‘zi boshqaruvchi notijorat tashkilotlarga a’zo bo‘lish tartibini joriy etish orqali arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibini bekor qilish loyihadan o‘rin olgan.
Qurilish sohasidagi yakka tartibda uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini bekor qilish, xususiy sektordagi yuridik shaxslarga qurilish-montaj ishlarida qurilish nazoratini amalga oshirish huquqini berish ham nazarda tutilmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasiga tizimli ravishda joylashtirilishi ta’minlanadi.
Sun’iy yo‘ldosh va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari orqali yerni masofadan zondlash va yo‘ldoshli aloqa kosmik apparatlarini qo‘llash orqali qurilishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi monitoring qilish tartibini takomillashtiriladi.
Innovatsion jarayonlarini, yangi turdagi materiallar va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan “Trial pool” – sinov maydoni tashkil etilishi mumkin.
Loyiha matni bilan tanishib, taklif bildirish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA