Qurilishda nazoratni raqamlashtirish – bosh mezon
Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida shahar va qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirish, bunyodkorlik ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimizning 2019 yil 20 sentyabrdagi “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimdagi ishlar ko‘lamini bugungi kun talablari asosida rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi hamkorligida tashkil etilgan seminar mazkur qaror mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
[gallery-119]
Farg‘ona shahrida yangidan qad rostlayotgan Mustaqillik mavzesida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda viloyatdagi qurilish tashkilotlari, loyihachilar va buyurtmachilar ishtirok etdi.
Seminar qatnashchilari Mustaqillik mavzesida yangi qurib bitkazilgan 16 qavatli uylarni bunyod etishda qo‘llanilgan yangi usullar bilan tanishdi. Shuningdek, ular Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi qoshida tashkil etilgan qurilish-sinov va bino-inshootlarning texnik holatini o‘rganish laboratoriyasida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Sohada elektron tizimning afzalliklari, tadbirkorlarga qo‘yilayotgan yangi talablar haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi. Mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
Muqimjon QODIROV olgan suratlar, O‘zA