Qurilish to‘xtatildi, tarixiy mozaika saqlab qolindi
Madaniy meros — millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lab turuvchi bebaho qadriyat. Uni asrash esa har birimizdan mas’uliyat va e’tibor talab qiladi.
Mamlakatimizda moddiy madaniy meros ob’ektlarini asrash va ularni kelajak avlodlarga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi tegishli qaroriga muvofiq, yurtimizdagi mozaika va mozaika kompozitsiyalari moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan.

Xususan, poytaxtimizning Yakkasaroy tumani Mirobod ko‘chasi 6–12-uy manzilida joylashgan XX asrning ikkinchi yarmiga oid mozaika kompozitsiyasi qurilish ishlari ta’sirida zarar ko‘rish xavfi ostida qolgan edi. Ushbu holat yuzasidan Madaniy meros agentligi hamda hudud aholisi tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, ob’ektni saqlab qolish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. Madaniy meros agentligi tomonidan ko‘rilgan tezkor va qat’iy choralar natijasida mazkur mozaika kompozitsiyasining tarixiy, estetik hamda ijtimoiy-madaniy qimmati saqlab qolindi.

Shuningdek, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi hamda Toshkent shahar ma’muriy sudi qarorlariga muvofiq hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma bekor qilinib, qonun ustuvorligi ta’minlandi. Quyidagi holat moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish borasida jamoatchilik va davlat tashkilotlari hamkorligi muhim natija berayotganining yana bir amaliy misoli bo‘ldi.
Agentlik tomonidan tarixiy ob’ektlarni asrash, ularning asl qiyofasini saqlab qolish hamda madaniy merosga hurmat bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA