Qurilish sohasidagi muammolar bo‘yicha ochiq muloqot
Xorazm viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasida Xorazm viloyat sudlari hamkorligida tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish hamda amaliy yechim topishga ko‘maklashish maqsadida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda viloyat ma’muriy sudi raisi, viloyat sudi raisi o‘rinbosari, sudyalar, hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat adliya va soliq boshqarmalari, biznes-ombudsmanning hududiy shu’basi, savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi vakillari, tadbirkorlar hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
– Ochiq muloqotning inspeksiyada tashkil etilgani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida yuzaga kelayotgan huquqiy masalalarning dolzarbligi bilan bevosita bog‘liq, – deydi viloyat ma’muriy sudi raisi Jamila Sultonova. – Xususan, qurilish ishlarini amalga oshirish, shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishi, ruxsat berish tartib-taomillari, davlat nazorati hamda tadbirkorlik sub’ektlari bilan vakolatli organlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan nizolar alohida e’tibor talab etmoqda. Muloqot davomida ushbu masalalar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ma’muriy nizolarni qonuniy hal etish, soliq majburiyatlari hamda tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashning huquqiy mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirkorlarning murojaat va takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga qonunchilik asosida huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalarni vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish belgilandi.
[gallery-32021]
Tadbir yakunida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, mavjud muammolarga qonuniy yechim topish hamda bu boradagi hamkorlikni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari