Qurilish sifati doimiy e’tiborda
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lganidek, Farg‘ona viloyatida ham qurilish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu jarayonda uning sifati doimiy davlat nazoratida.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Sirojiddin Eshquvvatov soha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish va ularni tahliliy o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Inspeksiya rahbari dastlab Farg‘ona viloyati hududiy inspeksiyasi yangi binosi bilan tanishdi. Eng ilg‘or va zamonaviy standartlar asosida qurib bitkazilgan va jihozlangan mazkur binoda inspeksiya xodimlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, mas’ullarga viloyatdagi bu yilgi ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, sohada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdi.

So‘ng hududiy nazorat qilish inspeksiyasida tashkil etilgan operatorlar shtabi ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur shtab inspektorlar faoliyatini doimiy kuzatish hamda qurilish ob’ektida olib borilayotgan ishlarni masofadan onlayn kuzatish imkonini beradi, xususan, qurilishda shaffoflikni va sifat nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi.

Inspeksiya rahbari viloyat mas’ullari bilan birga o‘rganish ishlarini olib bordi. Xususan, Farg‘ona shahridagi rekonstruksiya qilinayotgan 6-maktab binosi hamda Ekoshahar hududida buyurtmachi "Eko House" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan 12 qavatli turar joy ob’ektini ko‘zdan kechirdi. O‘rganish davomida mutasaddilarga qurilishga mas’uliyat bilan yondashish, uni belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazish, infratuzilma tarmoqlari, santexnika va kommunal xizmat liniyalarini sifatli bitkazish kabi masalalar bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, qurilish materiallari sifati, ishchilar xavfsizligi, qurilish ishlarining loyiha talablariga mosligi bo‘yicha o‘z tavsiya va fikrlarini bildirdi.

– Bugun qurilayotgan yoki foydalanishga topshirilayotgan har bir bino-inshoot ortida zahmatli mehnat bilan birga, sohaga aloqador barcha tizim xodimlariga xalqimizning bahosi ham yotadi. Shuning uchun ham har bir material, har bir mayda detallargacha sinchkovlik, xolislik bilan yondashish talab etiladi, – dedi S.Eshquvvatov. – Farg‘onada qurilish ko‘lami kun sayin kengayib bormoqda. Ularning sifati, mustahkamligi, uzoq yillar xizmat qilishga alohida e’tibor qaratilishi, bunda aslo sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Farg‘ona shahri Ilg‘or mahallasidagi “Yeko Sity” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Bugungi kunda mazkur boshqaruv servis kompaniyasi 75 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Sirojiddin Eshquvvatov ushbu kompaniyaning mas’ul xodimlari bilan suhbatlashib, ular duch kelayotgan muammolar yechimi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Inspeksiya rahbari tomonidan Farg‘ona viloyatida sohada olib borilayotgan ishlar e’tirof etildi. Tizim xodimlari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit, zamonaviy texnologiyalarning tatbiq etilishi yaxshi yo‘lga qo‘yilayotgani yuzasidan rahbarlar va mas’ullarga minnatdorchilik bildirdi.
M.Sulaymonov, O‘zA