Qurilish maydonlarida sifatsiz mahsulotlar utilizatsiya qilindi
Xorazm viloyatining Hazorasp va Tuproqqala tumanlarida qurilish ob’ektlarida foydalanilishi rejalashtirilgan sifatsiz temir-beton mahsulotlari aniqlandi.
Nazorat organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida me’yoriy talablarga javob bermaydigan mahsulotlar muomaladan qaytarilib, belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, temir-beton plita ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Q M K” MCHJ hamda “M.K” XK tomonidan 5 qavatli turar joy binolari uchun me’yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq bo‘lgan 8 dona temir-beton plita yetkazib berilgan.
Holat yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan korxonalarga nomuvofiq mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Shundan so‘ng tadbirkorlik sub’ektlari hamda nazorat organlari vakillari ishtirokida mazkur mahsulotlar belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.
Mutasaddilar ishlab chiqaruvchi korxonalarni kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, aks holda qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Hamroz Bayonov, O‘zA