Qurilish materiallari ishlab chiqarish ko‘paymoqda
Jizzax viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2009-yil 19-iyundagi “Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Jizzax viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2009-yil 19-iyundagi “Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.Jizzax shahridagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jizzax avantag plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlari yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Joriy yil korxonada 400 million so‘mlik to‘rtta loyiha amalga oshirildi. Jumladan, yiliga 50 ming dona shlakoblok, 500 ming dona pishiq g‘isht, 7 ming kvadrat metr bruschatka, 80 tonna ko‘mir briketi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli bank kreditidan foydalanib, yangi turdagi mahsulot ishlab chiqaradigan quvvatlarni ishga tushirdik, – deydi korxona rahbari Orif Fozilov. – Natijada joriy yilning o‘tgan davrida mahsulot tayyorlashni 560 million so‘mga yetkazdik. Ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga 16 yangi ish o‘rni yaratildi.
Zamonaviy turar joylar, ijtimoiy, ishlab chiqarish inshootlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi ko‘lamining yildan-yilga kengayishi natijasida qurilish materiallariga ehtiyoj ortayotir. Qurilish bozori talabini hisobga olgan tadbirkorlar yuqori samarali zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masalan, viloyat markazidagi “Zenatkor temir-beton buyumlari” korxonasi Germaniyaning “Wailer” kompaniyasi uskunalari bilan qayta jihozlangach, mahsulot hajmi ortib, sifati yaxshilandi. Yangi texnologiya asosida korxonada 14 turdagi temir-beton buyumlari tayyorlanmoqda.
Korxona jamoasi joriy yilning o‘tgan davrida 36 ming metr kub temir-beton buyumlari ishlab chiqardi. Ayni paytda korxona viloyatda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uylarni ushbu materiallar bilan ta’minlayotir. Shuningdek, korxonada ishlab chiqarilayotgan lotok va beton quduqlarga ham talab yuqori.
Jizzax shahridagi “Haqiqat-Otabek” korxonasida 27 ming kvadrat metr oynaga ishlov berish, G‘allaorol tumanidagi “Karshan ideal texno” korxonasida 50 ming tonna asfalt ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyihalar amalga oshirildi.
Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yangi loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida kichik biznes subyektlariga tijorat banklari tomonidan ajratilgan 107,6 milliard so‘m kreditning 26,5 milliard so‘mi qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo‘naltirildi.
Qurilish materiallari bozorining rivojlanishi viloyatda ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotgan bunyodkorlik loyihalari, jumladan, zamonaviy uy-joylar barpo etayotgan pudrat tashkilotlari ehtiyojini qondirish imkonini bermoqda.