Qurilish ishlari prokuratura nazoratida
Buxoro viloyati prokuraturasida Davlat dasturlarini ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishda belgilab berilgan yangi nazorat tizimi bo‘yicha ishni tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni viloyat prokurori Mahmud Istamov boshqardi. Tadbirda qurilish sohasidagi jinoyatchilikning bugungi ahvoli, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari, ularning natijalari haqidagi batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan qurilish sohasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 32 ta tekshirish hujjatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Jiddiy qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 17 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari davomida 1 milliard 238 million 600 ming so‘m yetkazilgan zararning 446,7 million so‘mi undirilgan. 791,9 million so‘mini undirish choralari ko‘rilmoqda. Jinoyat tufayli yetkazilgan zararni ixtiyoriy qoplamagan aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy ehtiyot choralari qo‘llanilmoqda. Hozirgi kunda 12 ta tekshirish hujjatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshirish o‘tkazilmoqda. Ishchi guruhi tomonidan 16 ta qurilish ob’ektlarida tekshirish ishlari davom etmoqda. Ayrim holatlarda pudratchi korxonalar tomonidan amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlarida amalda bajarilmagan ish hajmlarini rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanmoqda.
Masalan, Buxoro shahar Hamza ko‘chasining 0-1,2 kilometr qismini rekonstruksiya qilish bo‘yicha buyurtmachi «Buxoro mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» Davlat unitar korxonasi va pudratchi «Buxoro sanoat» MCHJ o‘rtasida 5 milliard 95 million so‘mlik pudrat shartnomasiga asosan amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari nazorat o‘lchovidan o‘tkazilganda 2 milliard 935 million so‘mlik amalda bajarilmagan ish hajmi rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali qo‘shib yozilganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan «Buxoro mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» Davlat unitar korxonasi mansabdor shaxslari, «Buxoro sanoat» MCHJ va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

–Bu borada nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, – deydi viloyat prokurori Mahmud Istamov. – Jazo muqarrar, qonun doirasida belgilangan javobgarlikdan hech kim osongina qutilib qolmaydi. Shunday ekan yig‘ilishda qatnashayotganlarni hushyorlikka chorlab, sadoqat, adolat va halollik bilan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishlarini talab qilaman. Davlat dasturlaridagi har bir loyihaning to‘g‘ri tanlanishidan boshlab, to foydalanishga topshirilgunga qadar barcha bosqichlarida ta’sirchan va samarali nazorat o‘rnatishimiz, bir so‘z bilan aytganda «temir intizom» bilan ishlashimiz talab etiladi.
Qarorga asosan Bosh prokurorning o‘rinbosari boshchiligida Respublika shtabi va ishchi guruhi tashkil etilgan. Xuddi shunday, viloyatda ham viloyat prokurori hamda tuman - shahar prokuraturalarida prokurorlar rahbarligida faoliyat olib boradigan hududiy shtab va ishchi guruhlar tuzilgan. Yig‘ilishda Prezidentimizning 2022 yil 22 yanvardagi «2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori mazmun-mohiyati va mazkur qarorga muvofiq qabul qilingan 2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini hayotga tatbiq etish borasidagi fikr-mulohazalar ham tinglandi.
Dasturga muvofiq, Buxoro viloyatida 2022 yilda 100 ta ijtimoiy soha ob’ektlarda 904,5 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, umumta’lim maktablarida 21 ta, maktabgacha ta’lim tashkilotida 13 ta, sog‘liqni saqlash tizimida 8 ta, jismoniy tarbiya va sportda 5 ta, oliy ta’lim muassasalarida 2 ta, ichimlik suv ta’minotida 4 ta, issiqlik ta’minotida 3 ta, avtomobil yo‘l va ko‘priklarda 4 ta, irrigatsiyada 12 ta, melioratsiyada 9 ta, obodonlashtirish va boshqa ob’ektlarda 13 ta, o‘rmon xo‘jaligi sohasida 4 ta va huquqni muhofaza qilish tizimida (IIV) 2 ta ob’ektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur 100 ta qurilish ob’ektlaridan 31 tasi yildan-yilga o‘tuvchi, 69 tasi esa yangidan qurilishi belgilangan ob’ekt hisoblanadi. Shundan, 31 ta yildan-yilga o‘tuvchi ob’ektlarning barchasida loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, ekspertiza xulosalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (qiymati 1 milliard 350 milliondan yuqori 21 ta ob’ektlar uchun) xulosalari olingan. Yangidan quriladigan 69 ta ob’ektlarning 39 tasida loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. 2 tasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Qolgan 28 tasi bo‘yicha esa bugungi kunga qadar loyihachilarni aniqlash choralari ko‘rilmagan. Yangidan quriladigan 69 ta ob’ektlarning 32 tasida esa ekspertiza xulosasi olinmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi xulosasi olinishi kerak bo‘lgan 51 ta ob’ektdan dastlabki ekspertizadan o‘tgan 19 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga yuborilmagan. Yig‘ilishda «Davlat xaridlari to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq hamda qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish hamda shaffoflikni ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda qaror ijrosini tashkil etish va shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA